Germaniyaga olib ketish bilan bog‘liq xabarga aniqlik kiritildi

Oxirgi kunlarda Germaniyaga olib ketish va’dasi bilan O‘zbekiston fuqarolarini aldab pul olayotgan firibgar haqida ijtimoiy tarmoqlarda turli ma’lumotlar e’lon qilinmoqda.

Bu borada Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi axborot xizmati quyidagilarni ma’lum qiladi.

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 sentyabrdagi 725-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida ish izlayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha faoliyatni litsenziyalash tartibi to‘g‘risida”gi Nizom talablariga muvofiq Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan yuqorida zikr etilgan shaxsga litsenziya berilmagan. O‘z navbatida, mazkur fuqaro (UMID_UZEURO telegram sahifasi) O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijda uyushgan holda ishga joylashtirish faoliyati bilan shug‘ullanish huquqiga ega emas.

Shu munosabat bilan, fuqarolarimizni xorijda yashash yoki ishga joylashtirish vakolatiga ega bo‘lmagan tashkilotlar yoki shaxslarga ishonmaslikka, turli ko‘rinishdagi shartnomalarni tuzmaslikka chaqiramiz.

Agar shunday vaziyatlarga duch kelsangiz, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi yoki Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga murojaat qilishingiz mumkin.

Murojaat uchun telefonlar: 71 202-33-55 va 71 200-00-61, 1282.