Endi pensiyaga chiquvchilardan 2005 yildan oldingi staj uchun hujjat talab qilinmaydi
"Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida"gi Qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Unga ko‘ra:
- 2021 yil 1 iyundan keyingi davr uchun jismoniy shaxs tomonidan mehnatga haq to‘lash tarzidagi o‘z daromadlaridan ishlamaydigan turmush o‘rtog‘i uchun ixtiyoriy ravishda ijtimoiy soliq to‘lagan davr ish stajiga qo‘shib hisoblanishi;
2005 yil 1 yanvardan avvalgi davrlar uchun ish staji shaxsning mehnat daftarchasidagi (elektron mehnat daftarchasidagi) mavjud yozuvlar asosida qo‘shimcha tasdiqlovchi hujjatlar talab etilmasdan hisoblanishi belgilanmoqda.
Pensioner vafot etgan oy uchun olinmay qolgan pensiya puli ko‘rsatib o‘tilgan oila a’zolariga u vafot etgan oy uchun to‘liq to‘lanadigan bo‘ladi.
Amalda esa pensioner vafot topgunga qadar o‘tgan kunlari uchun to‘lanardi.
Shuningdek, tekshirish o‘tkazilayotgan sanaga qadar uch yil va undan avval tayinlangan yoki qo‘shimcha taqdim etilgan hujjatlarga asosan qayta hisoblangan pensiyalar tekshirilishi hamda ular bo‘yicha pensiya miqdoridagi ortiqcha pullar to‘langanligi aniqlangan holatlarda ortiqcha to‘langan summalarni undirilishiga yo‘q qo‘yilmasligi belgilab qo‘yilmoqda.
Oddiy aytganda, agar kimgadir adashib ko‘proq pensiya to‘lab kelingan bo‘lsa, buni qaytarish talab qilinmaydi.
Afsuski, amalda bu kabi hollarda pensionerlarni norozi qilib, pulni qaytartirish holatlari bo‘lgan edi. Ushbu qonun qabul qilinsa endi bunday bo‘lmaydi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.