Ish staji haqida hujjatlar yo‘qolgan bo‘lsa, qanday tasdiqlanadi?

Pensiya olish huquqi paydo bo‘lgan fuqarolar ko‘pincha ish staji va ish haqi to‘g‘risidagi ma’lumotlar korxona va tashkilotlarda saqlanmaganidan yoki ular tomonidan arxiv idoralariga saqlash uchun topshirilmaganidan hamda o‘zlari tomonidan yo‘qotilganidan aziyat chekishadi.

Bu kabi holatlarda muammoning yechimini topish uchun fuqarolarning davlat pensiya ta’minotiga oid qonun va qonun osti hujjatlariga asosan ish yuritilsa to‘g‘ri bo‘ladi.

 “Davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomda ish stajini tasdiqlash bo‘yicha quyidagi tartiblar belgilangan:

➖ Ish staji to‘g‘risida hujjatlar mavjud bo‘lmagan taqdirda mehnat faoliyati davrlari sudning qarori bilan belgilanadi. Shuningdek, Pensiya jamg‘armasining hududiy bo‘linmalari fuqarolarga ish stajini tasdiqlash uchun qonunchilikda nazarda tutilgan asos mavjud bo‘lgan taqdirda sudlarga da’volar tayyorlashda ko‘maklashishadi.

➖ Avariyalar va mahalliy ko‘lamdagi boshqa favqulodda vaziyatlar (yong‘in, suv bosishi), tashkilotning to‘liq tugatilishi yoki boshqa sabablar bo‘yicha arxiv ma’lumotlarining mavjud emasligi munosabati bilan mavjud ish staji to‘g‘risidagi ma’lumotlarni olish imkoni bo‘lmaganda ish staji sud tartibida belgilanadi.

➖ Pensiya jamg‘armasi bo‘limi tomonidan chiqarilgan ish stajini qabul qilish yoki qabul qilmaslik to‘g‘risidagi qaror bilan rozi bo‘linmagan taqdirda ham ushbu masala sud tomonidan hal etiladi.

Bu haqda Pensiya jamg‘armasi matbuot xizmati ma’lumot berdi.