Samarqandda mehnat daftarchasini vaqtida ololmagan fuqaroga majburiy progul uchun ish haqi undirib berildi
Da’vogar B.Olimov (ism-familiyalar shartli) sudga da’vo ariza bilan murojaat qilib, bergan tushuntirishida O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Samarqand viloyat kengashining buyrug‘i bilan tashkilotning Urgut tuman o‘quv sport texnika klubi boshlig‘i bo‘lib ishlaganligini bayon qilgan.
U bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinganidan so‘ng, “Vatanparvar” tashkiloti viloyat kengashi mehnat daftarchasini dastlab erta-indin beramiz deyishganligini, keyin esa mehnat daftarchasi yo‘qolganligini, dublikat qilib berishlarini bildirgan. Oqibatda u boshqa ishga kira olmagan, nihoyat 2019 yil 26 iyun kuni to‘ldirilgan mehnat daftarchasining dublikatini berishgan.
U majburiy progul bo‘lganligini, bundan tashqari, u ruhan azob chekib, ma’naviy zarar ko‘rganligini, ushbu manaviy zararini 10 million so‘m deb baholashini bildirib, mehnat munosabatlarini bekor qilish sanasini mehnat daftarchasi berilgan kunga ko‘chirishni so‘ragan. Shuningdek, javobgardan uning foydasiga 2017 yil 18 dekabrdan 2019 yil 26 iyunga qadar majburiy progul uchun xaq undirishni talab qilgan.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining 2019 yil 25 oktyabrdagi hal qiluv qaroriga ko‘ra, da’vogarning da’vosi qisman qanoatlantirilgan. Ya’ni, «Vatanparvar» tashkiloti viloyat kengashi zimmasiga da’vogar bilan mehnat munosabatlarini bekor qilish sanasini mehnat daftarchasi berilgan kun, ya’ni 2019 yil 26 iyunga ko‘chirish va mehnat daftarchasiga tegishli o‘zgartirish kiritish majburiyati yuklatilgan. Shuningdek, majburiy progul uchun B.Olimovga 9 449 425 so‘m ish haqi, yetkazilgan ma’naviy zarar uchun 1 million so‘m to‘lash majburiyati yuklangan. Shuningdek, dastlab to‘langan 446 ming so‘m davlat boji hamda davlat foydasiga 377 977 so‘m davlat boji undirilgan.
Biroq bu qarorga nisbatan B.Olimovning keltirilgan shikoyatida hal qiluv qarorini o‘zgartirib, da’voni to‘liq qanoatlantirish so‘ralgan.
O‘z navbatida javobgar keltirgan shikoyatida hal qiluv qarorini bekor qilib, da’vogarning da’vosini rad qilish to‘g‘risida yangi hal qiluv qarori chiqarishni so‘ragan.
Ish hujjatlaridan ko‘rinishicha, da’vogar B.Olimov viloyat kengashining buyrug‘i bilan Urgut tuman o‘quv sport texnika klubi boshlig‘i vazifasini bajaruvchisi vazifasiga tayinlanganidan so‘ng mehnat daftarchasini viloyat kengashiga topshirgan. U bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinganidan keyin mehnat daftarchasi o‘z vaqtida berilmagan. 2019 yil 26 iyun kuni mehnat daftarchasining dublikati berilgan.
Mehnat kodeksining 108-moddasiga ko‘ra, mehnat shartnomasi bekor qilingan kuni ish beruvchi xodimga uning mehnat daftarchasini va mehnat shartnomasining bekor qilinishi haqidagi buyruqning nusxasini berishi shart. “Mehnat daftarchalarini yuritish tartibi to‘g‘risida”gi Yo‘riqnomaning 3.3-bandiga ko‘ra, mehnat shartnomasi bekor qilingan kuni xodim ishda bo‘lmagan taqdirda, ish beruvchi o‘sha kuniyoq unga pochta orqali mehnat daftarchasini olib ketish to‘g‘risida ogohlantiruvchi xabarnoma jo‘natadi.
Garchand javobgarning vakili Sh.Ataboyeva B.Olimovga bir necha marta mehnat daftarchasini olib ketish haqida ogohlantirish xatlarini jo‘natganligini bildirib, ushbu ogohlantirish xatlari nusxalarini taqdim qilgan bo‘lsa-da, biroq mehnat daftarcha tashkilot mas’ul xodimining e’tiborsizligi natijasida yo‘qolgan, mehnat daftarcha alohida saqlanmagan.
Mehnat kodeksi 275-moddasi 2-qismining 1 va 2-xatboshisiga ko‘ra, ish haqini undirish to‘g‘risida nizo kelib chiqqan taqdirda, mehnat nizolarini ko‘ruvchi organ mehnat shartnomasi bekor qilinganda xodimga mehnat daftarchasini o‘z vaqtida bermaganlik oqibatida kelib chiqqan majburiy progul vaqti uchun haq to‘lash to‘g‘risidagi xodimning pul undirishga doir talablarini to‘liq qondiradi.
Ishdagi ma’lumotga ko‘ra B.Olimovning bir oylik o‘rtacha ish haqi 748 426 so‘mni, demak, 2017 yil dekabrdan 2019 yil iyungacha 18 oylik o‘rtacha ish haqi jami 13 471 704 so‘mni tashkil etadi. Shulardan kelib chiqib, kassatsiya instansiyasi sudi ajrimiga asosan Samarqand shahar sudining 2019 yil 25 oktyabrdagi hal qiluv qarori uchinchi va to‘rtinchi xatboshilari quyidagi tartibda o‘zgartirildi:
«Vatanparvar» tashkiloti Samarqand viloyat kengashidan B.Olimovning foydasiga 13 471 704 so‘m majburiy progul uchun ish haqi, yetkazilgan ma’naviy zarar uchun 1 million so‘m va dastlab to‘langan 446 ming so‘m davlat boji, davlat foydasiga esa 984 868 so‘m davlat boji undirilsin.
F.QARShIYeV,
fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudi sudyasi.