Panjikentdagi Navro‘z tantanalarida samarqandliklar mehmon bo‘ldi

Navro‘z – tabiatning uyg‘onishi, yangi dehqonchilik mavsumining boshlanishi. Sharq xalqlari hamal kirishi bilan, ya’ni 21 martdan bu bayramni bir oy davomida nishonlagan.

Tojikiston Respublikasining Panjikent shahrida 15 aprel kuni Navro‘z bayrami keng tantana qilindi.

Qo‘shni davlatning Sug‘d viloyati rahbariyati taklifiga ko‘ra, ushbu bayram tadbirida Samarqand viloyati hokimligi va jamoatchiligi vakillari ham ishtirok etdi.

O‘zbekiston va Tojikiston davlatlari rahbarlarining keyingi yillardagi ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish, xalqlarimiz o‘rtasidagi azaliy qardoshlik va qo‘shnichilik munosabatlarini yaxshilashga qaratilgan siyosatlari tufayli mintaqalar o‘rtasidagi aloqalar ham mustahkamlanib bormoqda.

Xususan, Samarqand viloyati va Tojikistonning Sug‘d viloyatlarini bog‘lovchi bojxona postlarining ochilishi, chegaradan o‘tib-qaytishdagi yengilliklar tufayli bugungi kunda nafaqat ikki mintaqa aholisining, balki tadbirkor va ishbilarmonlarning aloqalari ham yangi bosqichda rivojlanmoqda. 2019 yilda Samarqand shahrida Sug‘d viloyati kunlari, so‘ngra Xo‘jandda Samarqand viloyati kunlari tashkil etilib, ikki hududdagi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ko‘rgazmalari, biznes forumlar, madaniy tadbirlar o‘tkazilgandi.

– Pandemiya sababli keyingi ikki yilda bunday tadbirlarni o‘tkazishga imkoniyat bo‘lmagandi, – deydi Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari R.Qobilov. – Lekin bugun ikki mamlakatda ham vaziyat barqarorlashgach, bu yil hududlarda yana viloyatlar kunlarini o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish, qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetkazib berish, turizm xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha aloqalar ham bu yil yanada jonlanishi kutilmoqda. Ayni paytda tojikistonlik fuqarolar “Sarazm” – “Jartepa” bojxona postlari orqali Samarqandga kelib, turistik, tibbiy xizmatlardan keng foydalanmoqda. O‘z navbatida samarqandliklar ham qo‘shni davlatga sayyohatga borib kelmoqda.

Bayram tadbirida Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon ishtirok etib, Sug‘d viloyati ahli, jumladan, panjikentliklarni Navro‘z bilan tabrikladi. Yangi boshlangan dehqonchilik mavsumi barakali bo‘lishini tiladi.

Konsert dasturida tojik xalqining milliy kuy-qo‘shiqlari, maqom san’ati namunalari ijro etildi, urf-odat va an’analari namoyish etildi. Shu bilan birga o‘zbek mumtoz ashulari ijrosiga ham keng o‘rin berildi.

– O‘zbek va tojik xalqlarini ikki tilda so‘zlashuvchi bir xalq deb aytishadi, – deydi Samarqand viloyatidagi tojik va tojikzabonlar milliy madaniy markazi rahbari A.Mahmudov. – Haqiqatan ham xalqlarimiz o‘rtasidagi mushtarak va o‘zaro o‘xshash tomonlar juda ko‘p. Bizning tariximiz, adabiyotimiz, madaniyat va san’atimiz bir, turmush tarzimiz bir-biriga uyg‘un, bir daryodan suv ichamiz. Bugungi bayramda qatnashib, bu mushtaraklikka yana bir bor amin bo‘ldim.

Bayram tadbiridan so‘ng Tojikiston Respublikasi Prezidenti Samarqand viloyati vakillarini qabul qilib, ularni bayram bilan tabrikladi.

– Dunyoda tojik va o‘zbek xalqlari kabi bir-biriga yaqin, ko‘p jihatlari o‘xshash xalq bo‘lmasa kerak, – dedi Tojikiston Prezidenti. – Bizning yashash tarzimizdan diniy e’tiqodimizgacha bir xil. Tilimiz boshqa-boshqa bo‘lsa ham bir-birimizni tarjimonsiz tushunamiz. Xalqlarimiz azaldan yaqin qo‘shni, quda-anda bo‘lib yashagan. Biz – davlat rahbarlari xalqlarimizning bu yaqinligini, do‘stlik, hamkorlik rishtalarini yanada mustahkamlashga sharoit yaratib berishimiz kerak va buni Shavkat Mirziyoyev bilan birgalikda amalda bajaryapmiz. Men har kuni chegaralarimizdan qancha odam o‘tib-qaytayotganligini so‘rab turaman va raqamlar kun sayin, yil sayin oshib borayotganidan xursand bo‘laman.

Samarqand viloyati vakillari YuNESKOning butunjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan. 5500 yillik tarixga ega "Sarazm" yodgorlik majmuasi, Abu Abdullo Rudakiy muzeyi hamda Panjikentdagi boshqa tarixiy-madaniy ob’yektlarni tomosha qildi.

G‘olib Hasanov.

(Samarqand – Panjikent – Samarqand)