Falastin hukumati vakili Imom Buxoriy majmuasiga bordi
Mamlakatimizda mehmon bo‘lib turgan Falastin tashqi ishlar va muhojirlar vaziri Riyoz Najib Abdurahmon Molikiy rahbarligidagi delegatsiya Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga tashrif buyurdi.
Yuqori martabali mehmonlarni Markaz direktori Shovosil Ziyodov kutib olib, muassasaning yaratilish tarixi, binoning me’moriy yechimlari, bugungi kunda olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar yo‘nalishlari haqida ma’lumot berdi.
Delegatsiya a’zolari Markaz muzeyi faoliyati bilan yaqindan tanishdi, eksponat va qo‘lyozmalarni katta qiziqish bilan ko‘zdan kechirdi.
Muloqot chog‘ida Riyoz Molikiy 2016 yilda davlatimiz rahbari tomonidan mazkur Markazni tashkil etish to‘g‘risida tashabbus ilgari surilgan Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasi ochilish marosimida ishtirok etganini mamnuniyat bilan yodga oldi. Qisqa fursatda ushbu tashabbusning amaldagi in’ikosi sifatida barpo etilgan ko‘rkam va muhtasham Markaz musulmon dunyosi buyuk mutafakkirlarining boy merosini chuqur o‘rganib, keng targ‘ib qilish, yosh avlodni islom dinining asl qadriyatlariga sadoqat ruhida tarbiyalash, xalqaro hamkorlik va muloqotni mustahkamlashga xizmat qilayotganini ta’kidladi. Markaz bilan Falastindagi ilmiy muassasalar o‘rtasida aloqalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha barcha imkoniyatlarni ishga solishga tayyorlik bildirdi, deyiladi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi xabarida.