Anvar Ibrohim O‘zbekiston - Malayziya biznes forumida ishtirok etdi

Mamlakatimizga rasmiy tashrifi doirasida Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim O‘zbekiston - Malayziya tadbirkorlari ishtirokidagi biznes forumda qatnashdi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari J.Xodjayev keyingi yillarda Malayziya bilan savdo-iqtisodiy aloqalar mustahkamlanib borayotgani, ushbu tashrif esa hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qilishini ta’kidladi. Shuningdek, mamlakatimizda qulay investitsiya muhiti yaratilgani, qonunchilik takomillashayotgani va iqtisodiyotni erkinlashtirilish borasida faol siyosat yuritilayotganini qayd etdi.

Malayziya Bosh vaziri o‘z so‘zi avvalida O‘zbekistonga diplomatik delegatsiya sifatida emas, do‘st sifatida kelganini alohida ta’kidladi. 

- O‘zbekiston Prezidenti va hukumat rahbarlarining mamlakatdagi iqtisodiy islohotlar haqidagi so‘zlaridan biz shunday xulosaga keldikki, O‘zbekiston bilan hamkorlikda ishlash mumkin, - dedi Anvar Ibrohim. - Jumladan, energetika, raqamli texnologiyalar, turizm yo‘nalishlarida hamkorligimiz istiqbolli bo‘lishiga ishonamiz. Men O‘zbekiston Prezidenti va hukumat rahbarlarida mamlakatni rivojlantirishga faol intilishi borligi ko‘rdim va buni olqishlayman.

Forumda ikki mamlakat tadbirkor va iqtisodiy soha mas’ullari o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan O‘zbekiston va Malayziya hukumatlari rahbarlaridan javob oldilar.

Tadbirda savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hujjatlar imzolandi.