Parlament a’zosi so‘rovining mavqeini, maqomini oshirish kerak

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining birinchi majlisidagi nutqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev parlament nazoratini kuchaytirish masalasiga alohida e’tibor qaratgan edi. Darhaqiqat, islohotlarning bugungi bosqichida, shiddat bilan rivojlanayotgan zamonda parlament ta’sirchanligi oshishi ijro hokimiyati faoliyati samarali yo‘lga qo‘yilishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Keyingi yillarda parlament nazoratining yangi shakl va mexanizmlari yaratildi. Jumladan, Qonunchilik palatasida hukumat a’zolarining deputatlar savollariga javoblarini eshitish tartibi “Hukumat soati” instituti joriy etildi. Jamoatchilik orasida munozaraga sabab bo‘layotgan dolzarb muammolar yuzasidan mas’ul rahbarlarning parlamentga tushuntirish berish tartibi joriy qilindi.

Bundan tashqari, 2019 yildan boshlab Vazirlar Mahkamasi a’zoligiga nomzodlarni quyi palata majlisida ko‘rib chiqish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Qonunchilik palatasi qo‘mitalari va siyosiy partiyalar fraksiyalarining nazorat-tahlil ishlari samaradorligi sezilarli ravishda oshdi.

Lekin shu bilan birga, parlament nazorati samaradorligini yanada oshirish bilan bog‘liq ayrim muammolar va yetarli darajada foydalanilmagan imkoniyatlar ham mavjud.

Tahlillar parlament nazoratining muhim shakllaridan biri - deputatlik so‘rovini tayyorlash, yuborish va muhimi, uning natijasini ko‘rib chiqishda bir qator muammolar yuzaga kelayotganini ko‘rsatmoqda.

Fikrimcha, deputatlik so‘rovi institutining hozirgi paytda samarasiz ishlayotganining asosiy sababi qonunchilikdagi bo‘shliq bilan bog‘liq. Deputatlik so‘rovini ishlatish amaliyoti noto‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan.

Alohida ta’kidlash lozimki, deputatlik so‘rovini samarasiz bo‘lib qolayotgani deputatlarning salohiyatiga taqaladigan masala emas. Deputat – xalqning vakili. Hamma deputat ham huquqshunos emas: biri fermer, biri quruvchi, biri tadbirkor, boshqalari yana turli soha vakillari. Ya’ni, hamma deputat ham tegishli qonun hujjatini tayyorlash ko‘nikmasiga ega bo‘lmasligi mumkin va bu tabiiy hol.

Deputatning asosiy vazifasi dolzarb muammoni ko‘tarib chiqish, ya’ni g‘oyani berish, deb o‘ylayman. Qolgan masalalar, ya’ni deputat ko‘targan muammoni tegishli shaklga keltirish, yuridik nuqtai nazardan ko‘rib chiqib, maromiga yetkazishda tizimli yondashuv bo‘lishi kerak.

Qonunchilikka e’tibor qaratadigan bo‘lsak, deputatlik so‘rovi parlament nazorati shakli sifatida belgilangan. Demak, deputatlik so‘rovining tayyorlanishi, yuborilishi va natijasi muhokama qilinishi jarayoniga parlamentdan chiqadigan hujjat sifatida yondashish kerak.

Qonunchiligimizda parlament so‘rovi bilan bog‘liq jarayonlar batafsil belgilangan. Ma’lumki, Qonunchilik palatasi davlat organlarining, xo‘jalik boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslariga qonunlarning, turli sohalardagi davlat dasturlarining ijrosi masalalari hamda ularning vakolatlariga kiradigan boshqa muhim masalalar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish yoki nuqtai nazarini bayon etish talabi bilan parlament so‘rovi yuborishga haqli.

Parlament so‘rovini yuborish haqidagi taklif palata qo‘mitalari, fraksiyalar, shuningdek, Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining kamida beshdan bir qismi tomonidan Qonunchilik palatasiga ko‘rib chiqish uchun kiritiladi. Qonunchilik palatasining parlament so‘rovi to‘g‘risidagi qarori loyihasi so‘rov tashabbuskorlari tomonidan Qonunchilik palatasining Spikeriga masalani palataning navbatdagi majlisi kun tartibiga kiritish uchun yuboriladi.

Qonunchilik palatasining qarori loyihasiga parlament so‘rovi loyihasi, shuningdek, boshqa zarur materiallar ilova qilinadi. Parlament so‘rovi loyihasida so‘rovga javob berishning shakli (og‘zaki yoki yozma) haqidagi takliflar bo‘lishi kerak.

Qonunchilik palatasi parlament so‘rovini yuborish to‘g‘risida deputatlar umumiy sonining ko‘pchilik ovozi bilan qaror qabul qiladi. Davlat organlarining, xo‘jalik boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslari parlament so‘roviga og‘zaki javobni Qonunchilik palatasining majlisida palata belgilagan muddatda beradi.

Taklifim, deputatlik so‘roviga ham xuddi parlament so‘roviga belgilangan batafsil tartibni joriy qilish, qonunchilikda uning aniq mexanizmini ochib berish kerak.

Bunda deputatlik so‘rovining parlament so‘rovidan farqi, avvalambor, uning tashabbuskorida bo‘ladi. Ya’ni, parlament so‘rovining tashabbuskori qo‘mitalar, fraksiyalar bo‘lsa, deputatlik so‘rovining tashabbuskori deputat bo‘ladi.

Shuningdek, parlament so‘rovidan farqli ravishda deputatlik so‘rovi, qoida tariqasida, tegishli saylov okrugi saylovchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash bilan bog‘liq bo‘ladi.

Qolgan mexanizm bir xil bo‘lishi kerak. Bunday yondashuv nima beradi?

Birinchidan, deputatlik so‘rovining sifati oshadi. Chunki deputatlik so‘rovini sifatli tayyorlash uchun mas’uliyat faqat deputatning bo‘ynida bo‘lmaydi. Deputat muammoni ko‘taradi, uni shaklan to‘g‘irlash, chuqur asoslash Qonunchilik palatasining tegishli bo‘lim va qo‘mitalari ishtirokida amalga oshiriladi.

Ikkinchidan, deputatlik so‘rovining salmog‘i og‘irroq bo‘ladi. Deputatning so‘rovi loyihasi Qonunchilik palatasi majlisida muhokama qilinib, deputatlik so‘rovi sifatida tan olinib, tegishli xo‘jalik boshqaruvi organlariga yuboriladi. Parlament qarori bilan tasdiqlanib borgan deputatlik so‘roviga nisbattan mansabdor shaxslarning mas’uliyati kuchliroq bo‘ladi.

Uchinchidan, deputatlik so‘rovining natijadorligi oshadi. Xo‘jalik boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslari deputatga emas, parlamentga axborot taqdim etadi, parlament oldida javobgar bo‘ladi. Ushbu holatda tabiyki, mansabdor shaxslarning javobgarligi kuchayadi va pirovard natijada deputatlik so‘rovi samarador bo‘ladi.

Albatta, bunday tartibga o‘tish deputatlik so‘rovi soni kamayishiga, yalpi majlisda ko‘riladigan masalalar ko‘payishiga olib kelishi mumkin. Lekin so‘rovning sifati, ta’sirchanligi, xalqimizga foydasi so‘zsiz oshadi.

Ulug‘bek VAFOYeV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.