Partiyalardan faollik talab etiladi
Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasini tinglab, kelgusi yilda olib boriladigan islohotlar ko‘lami yanada kengayishi, siyosiy, iqtisodiy-ijtimoiy, madaniy hayotimizda, umuman, faoliyatimizning barcha sohalarida katta o‘zgarishlar yuz berishiga amin bo‘ldim. Davlatimiz rahbari tomonidan qo‘yilgan barcha vazifa va maqsadlar mamlakatimiz qudratining yuksalishi va xalqimiz farovonligining yanada oshirilishiga qaratilganligi bilan juda muhimdir.
2019 yilning “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” deb nomlanishi bizning partiyamiz elektorati uchun juda muhim, deb hisoblayman. Chunki hammamiz yaxshi tushunamizki, tadbirkorlikni va ishbilarmonlikni rivojlantirish asosida investitsion faoliyat yotadi.
Davlatimiz rahbarining fermerlik harakatidagi muammolar va ularni hal qilish bo‘yicha bildirgan fikrlari bizning partiyamiz uchun ham juda dolzarb masala hisoblanadi. G‘alla va meva-sabzavot klasterlari rivojlantirilishi va bu maqsadda kredit berish tizimining soddalashtirilishi fermerlarimiz uchun katta imkoniyatdir. Ayniqsa, O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Qishloq xo‘jaligi va Suv xo‘jaligi vazirliklari, Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan hamkorlikda fermerlarni o‘qitish dasturlarining ishlab chiqilishi vazifasi juda muhimdir. Partiyamizning hududiy tashkilotlari, mahalliy kengashlardagi deputatlarimiz ham bu ishda ishtirok etishlari kerak.
Murojaatnomada Prezidentimiz mamlakatda inson kapitalini rivojlantirishga katta e’tibor berdilar. Bu bizning elektoratimiz hisoblanadigan intellektual mulk egalari uchun katta e’tibor degani. Mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi uchun bu qatlamning hissasi juda katta bo‘lishi kerak. Rivojlangan davlatlarda aynan shunday. Investitsiyalarni nafaqat iqtisodiyot tarmoqlariga, balki ilmiy ishlanmalar va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirish vazifasi juda katta ahamiyatga egadir.
Prezidentimizning Murojaatnomada bayon qilingan har bir ustuvor yo‘nalish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida Bosh vazir hukumat a’zolari bilan birga Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasiga har chorakda hisobot berib borishini belgilab berishi davlat vakillik organi vakolatlarini kengaytirish bilan bir vaqtda ijro hokimiyati mas’uliyatini ham oshiradi. Bu amaliyotning xalq deputatlari mahalliy kengashlarida ham qo‘llanilishi juda ahamiyatlidir.
Mahalliy Kengashlar raislari endi hokimlar emas, boshqa faol deputatlar orasidan tanlanishi siyosiy hayotimizda yuz beradigan katta o‘zgarishlardan biri sifatida baholanishi kerak. Bu siyosiy partiyalar mavqeini ham oshiradi.
Umuman, Prezidentimiz Murojaatnomasida ko‘tarilgan masalalar partiyamiz va partiyamizdan saylangan deputatlar oldiga qator vazifalarni qo‘yadi. Bu vazifalarning ijrosi barchamizdan faollikni, o‘z ishiga katta mas’uliyat bilan yondashishni talab qiladi.
Baxtiyor XO‘JAYoROV,
O‘zLiDeP Samarqand viloyat kengashi raisi o‘rinbosari, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati.