Pashinyan Armaniston bosh vaziri lavozimidan iste’foga chiqadi

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan bugun, 25 aprel kuni televizion murojaatida mamlakatda muddatidan oldin parlament saylovlarini o‘tkazish uchun iste’foga chiqishini ma’lum qildi.

"Bugun men 20 iyun kuni muddatidan oldin parlament saylovlarini o‘tkazish uchun iste’foga chiqmoqdaman", dedi u.

Pashinyan muddatidan oldin parlament saylovlari 20 iyun kuni bo‘lib o‘tishini avvalroq ma’lum qilgandi. U parlamentni tarqatish mexanizmini boshlash uchun aprel oyida rasmiy ravishda iste’foga chiqishini, ammo hukumatni saylovgacha boshqarishini e’lon qildi. Armaniston qonunchiligiga binoan Milliy Majlisga muddatidan oldin saylovlar parlament tarqatilganidan keyin 30 kundan va 45 kundan kechiktirmay o‘tkaziladi. Tarqatish mexanizmi iste’foga chiqqandan keyin rasmiy ravishda ishga tushirilishi mumkin. Agar deputatlar ikki hafta ichida ikki marta bosh vazirni saylamasa, parlament tarqatib yuboriladi.