Past Darg‘omda favqulodda holatlarga tayyorgarlik qay darajada?
“Juma elevator” AJ tegirmon bo‘limida shartli yong‘in chiqdi. Chaqiruv xabaridan biroz o‘tib yetib kelgan tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limi, yong‘in o‘chirish ekipajlari mutaxassislari va tegishli tashkilotlar yong‘inni bartaraf etishdi va bunday holatda qanday choralar ko‘rish lozimligini ko‘rsatib berdi.
Shartli yong‘in tumandagi qurilish kompleksi tashkilotlari tomonidan favqulodda holatlarga tayyorgarlik ko‘rishga bag‘ishlangna tadbirlari doirasida tashkillashtirildi.
- Bunday holatda birinchi navbatda ishchi-xodimlarning qo‘shimcha kuchlar – tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limi yong‘in o‘chirish ekipajlari va boshqa mas’ul tashkilot mutaxassislari kelib xizmat vazifasiga kirishguncha bajaradigan ishlar ko‘rsatib o‘tildi, - deydi tuman FVB boshlig‘i, podpolkovnik Isoqjon Abdullayev. – Ularga yong‘indan xabardor bo‘lganda o‘t tarqalib ketishining oldini olish uchun ishlab turgan uskunalarni o‘chirish, elektr energiyasi va gazni tarmoqdan uzish bo‘yicha qo‘llanmalar tushuntirildi. Agarda tutundan zaharlangan, kuygan yoki shikastlangan xodimlar bo‘lsa tez tibbiy yordam xodimlari kelguncha birinchi yordam ko‘rsatish jarayonlri ko‘rsatildi.
Shundan so‘ng ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi tuman inspeksiyasi tomonidan korxonalarda atmosferaga tashlamalarni kamaytirish va ularni tartibga solish borasidagi ishlar ko‘rsatib o‘tildi. Hozirgi kunda tumanda 1-toifadagi korxonalar soni 14 tani tashkil etadi va ularda atmosfera havosini ifloslantiruvchi statsionar manbalarda samaradorligi 99,5 foizdan past bo‘lmagan qurilmalar o‘rnatilishini ta’minlash belgilangan. Mutaxassislar tomonidan atmosferaga chang-gazlari tashlanishini oldini olishdagi yumushlari tushuntirildi.