Past Darg‘omda yangi qurilgan ko‘p qavatli uy tomidan xonadonga suv sizib tushdi
2019 yilda Past Darg‘om tumanida foydalanishga topshirilgan uyning suv nasosi ishlamay qoldi, tashqi fasad qismi devorlaridagi kafellar o‘z-o‘zidan birin-ketin ko‘chib tusha boshladi. O‘rnatilgan tarnovlar birinchi qor-yomg‘irning o‘zidayoq ko‘chib tushdi.
Bu esa deraza romlarini nosoz holatga tushirdi. Bittagina pod’yezd kirish yo‘laklaridan boshlangan bu holat tez kunda butun uy atrofini kafelga to‘ldirib tashladi. Bundan tashqari, yuqori qavatdagi aholi ham tomidan xonadoniga sizib tushayotgan suvlardan tashvishga tushdi.
Bu haqda mazkur uyda yashovchi iste’molchi G.L. 1159 ishonch telefoniga murojaat qilmaganida kim bilsin, bu yangi uy keyinchalik qay ahvolga kelardi?
Murojaat Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligining Samarqand viloyati hududiy tuzilmasi tomonidan o‘rganib chiqildi. Natijada G.L.ning uy-joyida haqiqatan ham e’tiroz bildirilgan kamchiliklar borligi aniqlandi.
“Qishloq Qurilish Invest” MChJ injiniring kompaniyasi Samarqand filialining xodimlari nazorati ostida pudratchi tashkilot “Bekmurod Baraka Zamini” XK tomonidan barcha kamchiliklar to‘rt kun ichida bartaraf etildi. Birgina iste’molchining kuyunchakligi sababli butun uyning muammosi hal etildi.