Paxtachilik fermerlar 28,5 ming tonna paxta sotdi
28 ming 535 tonna hosil. Bu shunchaki raqamlar emas, Paxtachi tumani paxtakorlarining 2021 yilda hozirgacha tayyorlagan paxta xomashyosiga daxldor natija.
Ular 8195 gektar maydonda g‘o‘za parvarishladi. Bunda manfaatdorlik ustun turdi: suvchi-yu mexanizator, chopiqchi-yu oddiy ishchiga oylik maosh berildi.
Muhimi, yetishtirilgan hosil byudjet tashkilotlari xodimlari, qo‘shimcha terimchi jalb qilmasdan terib olindi. “Paxtachi klaster” mas’uliyati cheklangan jamiyati mas’ullarining oqilona qarori tufayli terimchilarga dastlab terilgan bir kilogramm paxta uchun 1200 so‘mdan haq to‘landi. Keyinchalik har kilogramm xomashyo uchun 1500 so‘mdan pul berish, manfaatdorlikni oshirilishi terimchilarga kuch berdi.
Mana natija. 28,5 ming tonna paxtaning ortida qancha daromad bor, hisoblayvering. Biz esa "Yashavor, azamatlar, haloling bo‘lsin, topganing yaxshi kuningga buyursin, paxtakor!", deymiz. Zero, dehqon qilgan mehnatidan manfaatdorligi ortsa yerga mehr beradi, terimchi ham qilgan mehnatiga yarasha rag‘batlantirilsa ish samarali bo‘ladi.