Payariqda 17 nafar o‘quvchisi talaba bo‘lgan o‘qituvchi bor
Bunday natija har qanday kishini g‘ururlantirishi tabiiy. Buni eshitgan kishi beixtiyor “Yashang domla, baraka toping!” deb yuboradi. Axir 29 bitiruvchidan 17 nafari talabalikka qabul qilinishi katta gap-da.
Bunday o‘qituvchi kim ekan, deb qiziqayotgan bo‘lishingiz mumkin. U Payariq tumanidagi 75-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori o‘rinbosari, tarix fani o‘qituvchisi Jahongir Ro‘ziyev. Bugun uning bunday yutuqlarini tuman xalq ta’limi bo‘limi ma’muriyati e’tirof etib, “qizil” toifaga tushib qolgan 82-maktabga direktor etib tayinladi.
- Bugun davlatimiz rahbari ta’lim tizimiga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratdi, - deydi J.Ro‘ziyev.- O‘qiyman, izlanaman degan kishiga barcha sharoitlar yaratib berildi. Bundan biz, o‘qituvchilar faqat g‘ururlanishimiz kerak. Shunga yarasha mas’uliyatni his qilish lozim. Bo‘ldi endi “Bo‘lsa bo‘lar, bo‘lmasa g‘ovlab ketar” qabilida ish tutish.
Ish faoliyatim xususida gapiradigan bo‘lsam, 2017 yilda 71-maktab qarshisidan “Ilm gavhari” o‘quv markazini tashkil etdim. Markazda ona tili va adabiyot, ingliz tili, matematika, fizika, tarix, rus tili, mental arifmetika kabi tayyorlov kurslari bor. 2020 yilda 29 nafar o‘quvchimdan 17 nafari talabalikka qabul qilindi. Shundan 9 nafari davlant granti asosida.
Hozirgi kunda 82-maktabda ham ushbu markaz o‘qituvchilari bilan hamkorlikda ish olib boryapmiz. 38 nafar bitiruvchi bilan jiddiy ishlayapmiz. Nasib bo‘lsa kamida 90 foizlik natija bo‘ladi.
Husniddin Xoldorov.