Payariqda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini sotayotgan shaxslar ushlandi

Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi. 

Ma’lum qilinishicha, Departamentning Payariq tumani bo‘limi tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan F.Sh. fuqaro Sh.Sh.ga 17 ta konvolyutdan iborat, jami 170 dona kapsuladagi «ZOTA Pregabalina» nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini 3,4 million so‘mga sotgan vaqtida ushlanib, undan jami 172 dona dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi (kuchli ta’sir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.