Pedagoglarga attestatsiya va malaka hujjatlarini topshirish qanday amalga oshiriladi?

Hukumat qaroriga asosan, pedagoglar attestatsiyadan o‘tish uchun har yili 1 yanvardan 1 martgacha va 1 avgustdan 1 oktyabrgacha bevosita DXM, YIDXP yoxud Ta’lim inspeksiyasining rasmiy veb-saytida ro‘yxatdan o‘tgan holda murojaat qiladi.

Bunda ariza beruvchilar (jismoniy shaxslar) attestatsiyadan o‘tish bo‘yicha so‘rovnoma to‘ldiradi va unga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
- pedagogning ta’lim to‘g‘risidagi hujjati (xorijiy davlatda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatni O‘zbekistonda tan olish haqidagi guvohnoma);
- qayta tayyorlash kurslaridan o‘tganligi haqidagi diplom nusxasi (agar mavjud bo‘lsa);

pedagogik mahorati va psixologik tayyorgarligini baholash natijalari yuzasidan ma’lumotnoma.
Zarur ma’lumotlar so‘rovnomaga kiritilgandan so‘ng ariza beruvchi uni o‘z ERIsi bilan tasdiqlaydi.
ERI kaliti bo‘lmagan hollarda tegishli imzolar identifikatsiya qilishning boshqa vositalari (daktiloskopiya, elektron imzo va boshqalar) bilan ham tasdiqlanishi mumkin.
Pedagog kadrlarni navbatdagi majburiy attestatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatganlik uchun yig‘im undirilmaydi.

Navbatdan tashqari attestatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatganlik uchun BHMning 1 baravari (330 ming so‘m) miqdorida yig‘im undiriladi.
🌐My.gov.uz yoki Ta’lim inspeksiyasining rasmiy veb-sayti orqali murojaat qilinganda, 10 foiz chegirma beriladi.