Pensiya va nafaqa pullari fuqarolarning uylariga yetkaziladi

- Karantin davrida fuqarolarning pensiya va nafaqalari qay tarzda to‘lanadi?

Sevara JONKELDIYeVA,

Payariq tumani.

- Hozirgi kunda viloyatimizda 320 mingdan ko‘proq fuqaroga pensiya va nafaqa pullari Xalq banki sayyor kassalari tomonidan yetkazib berilmoqda. Bundan tashqari, joriy yilning mart oyida 57 ming 461 nafar fuqaroga pensiya pullari tijorat banklarida ochilgan plastik karta orqali to‘lab berildi.

Joriy yilning 26 mart holatida viloyatda mart oyi pensiya pullarining 99 foizi fuqarolarga to‘lab berilgan (uyda yo‘q, vafot etgan, ko‘chib ketgan, boshqa uzrli sabablar bilan to‘lanmay turganlar qolgan).

Respublikamizga koronavirus kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasi tomonidan boshqa fuqarolar bilan muloqotlarni kamaytirish hamda uyda qolish tavsiya etilmoqda.

Pensiya va nafaqa oluvchilarning asosiy qismini keksa yoshdagi fuqarolar tashkil etishi hamda amaldagi tartib bo‘yicha to‘lovlar mahalla binolarida fuqarolarni to‘plagan holda amalga oshirilishini inobatga olib, Xalq banki boshqaruviga takliflar kiritildi. Unga ko‘ra, aprel oyi pensiya pullari fuqarolarning yashash manziliga yetkazib beriladi. Pensiya va nafaqa to‘lovi uchun ajratilayotgan mablag‘lar dezinfeksiya qilingan holda fuqarolarga yetkazish tizimi joriy etiladi.

Viloyatda mart oyida 80 mingdan ortiq fuqaroga pensiya pullari uylariga yetkazib berilgan. Aprel oyi pensiya va nafaqa pullari fuqarolarning uylariga yetkazilganda, bank plastik kartalarni ochish hamda kelgusi oydan naqd pulsiz shaklda pensiyasini olish istagini bildirgan fuqarolarning arizalarini bevosita shu yerda rasmiylashtirish imkoniyatini yaratish ham rejalashtirilgan.

Abdurashid RAHIMOV,

Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi Samarqand viloyat boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i.