Piyodalar va haydovchilarni qiynab kelayotgan bir muammoga yechim topildi

Samarqand shahridagi Shohi Zinda ko‘chasida (Siyob bozori yaqinidagi ko‘prigi ostida) piyodalar yo‘lagi bor edi, lekin masofa ancha uzoqligi sababli odamlar yo‘l o‘rtasidagi temir panjaralardan oshib o‘tardi. Oqibatda ko‘ngilsiz hodisalar sodir bo‘lib, haydovchi va piyodalar jabr ko‘rardi.

Hududda piyodalar uchun yo‘lak ochildi, svetofor va yo‘l belgilari o‘rnatilib, aholi uchun xavfsiz va qulay sharoit yaratildi.

– Shaharga kelsak shu ko‘chadan o‘tishga to‘g‘ri kelardi, – deydi jomboylik Nargiza Sharipova. – Avval yo‘lni kesib o‘tishda qiynalardik. Piyodalar uchun yo‘lakdan aylanib kelish osonmasdi, ayniqsa, yosh bolali ayollar va keksalarga qiyinchilik tug‘dirardi. Endi xavotirsiz o‘tib-qaytish uchun sharoit yaratilibdi, xursandmiz.

– Odamlar yo‘lning o‘rtasidan to‘satdan o‘tib qolsa, nafaqat o‘zining, balki bizning ham hayotimiz xavf ostida qolardi, – deydi haydovchi Sirojiddin Qarshiboyev. – Svetofor o‘rnatilib, piyodalar yo‘lagi tashkil etilganidan keyin harakat tartibga tushdi, hamma uchun qulay bo‘ldi.

Fazliddin Ro‘ziboyev.