Samarqand shahrida 120 nafardan ziyod fuqaroga jarima qo‘llanildi

Sodir etilayotgan yo‘l transporti hodisalari ayrim hollarda piyodalar ishtirokida kuzatilmoqda. Bu esa albatta, yo‘l harakati ishtirokchilarining har biridan e’tiborli bo‘lishni taqozo qiladi.

Joriy yilning 10-20 dekabr kunlari o‘tkazilgan “Diqqat piyoda!” tadbiri ham aynan yo‘lovchilar hushyorligi va mas’uliyatini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatli. Ushbu tadbirni yuqori saviyada tashkil etish maqsadida Samarqand shahar IIOFMB yo‘l harakati xavfsizligi bo‘linmasi tomonidan bir qator ishlar amalga oshirildi.

Xususan, yo‘l-patrul xizmati inspektorlari transport vositasi serqatnov yo‘llarga yaqin joylashgan korxona va tashkilotlar, ta’lim muassasalari qarshisida joylashgan piyodalar o‘tish joylariga biriktirildi. Ular belgilangan manzillarda harakat xavfsizligini ta’minlash bilan bir qatorda, qoidabuzarlik sodir etgan piyodalarga tegishli tartibda choralar ko‘rdi.

Tadbir davomida yo‘l harakati qoidalarini buzgan 120 nafardan ziyod piyodalarga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, tegishli tartibda yashash hududidagi yo‘l harakati xavfsizligi bo‘linmalariga jo‘natildi.

Ozod USMONOV,

Samarqand shahar IIOFMBB YHXB bo‘linmasi inspektori.