“Prava”ga imtihonni tadbirkorga ham topshirish mumkin
Bu haqda Prezidentning 2020 yil 7 dekabrdagi “Davlat tomonidan tartibga solinadigan sohalarga xususiy sektorni jalb etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan.
Qaror bilan “Davlat funksiyalari – biznes uchun imkoniyat” loyihasini amalga oshirish boshlanadi. Ya’ni, qaror bilan quyidagi yo‘nalishlarda davlat boshqaruvi sohasiga xususiy sektorni jalb qilish tasdiqlandi.
Xususan, 2021 yildan yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasida – tadbirkorlik sub’yektlariga yo‘l harakati qoidalari buzilganligini qayd etuvchi foto va video dasturiy-texnik vositalari o‘rnatilishini tashkil etish huquqi berildi. Endi transport vositalarining xavfsiz harakatlanishini ta’minlash sohasida – tadbirkorlik sub’yektlariga avtomobil yo‘llarida avtomatlashtirilgan o‘lchov vositalari bilan jihozlangan og‘irlik va gabarit nazorati bo‘yicha statsionar shoxobchalar o‘rnatilishini tashkil etish mumkin. Bundan tashqari, milliy haydovchilik guvohnomasini berish sohasida – haydovchilarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha litsenziyaga ega tadbirkorlarga barcha toifadagi avtomototransport vositalarini (trolleybus va tramvaydan tashqari) boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni o‘tkazish huquqi berildi.
Qaror bilan 2021 yil 1 iyundan davlat organlari va tashkilotlarining ichki ma’muriy-xo‘jalik faoliyatini ta’minlash va saqlash bo‘yicha funksiyalarini bajarish xususiy sektorga o‘tkazilmoqda.
Zarurat va kutiladigan natija
Pandemiya davlat boshqaruvini yanada takomillashtirish, maqbullashtirish, samaradorligini oshirish bo‘yicha yangi yondoshuvlarni ishlab chiqish, ayrim sohalarda ishtirokini tanqidiy ko‘rish masalasini dolzarb masala sifatida qo‘ymoqda. Bunda davlatning ayrim funksiyalarini xususiy sektorga o‘tkazish boshqaruv samaradorligini oshirishda istiqbolli yo‘nalish sifatida e’tirof etilmoqda.
Biroq bu borada mamlakatimizda yechimini kutayotgan bir qator muammolar mavjud edi. Iqtisodiyot tarmoqlarida davlat funksiyalarini amalga oshirishda xususiy sektorning ishtiroki pastligi, davlat funksiyalarini xususiy sektorga o‘tkazishning aniq tartibi hamda zarur talab va shartlari belgilanmagani, davlat organlarini saqlash xarajatlari yuqoriligi bunga yorqin misol bo‘la oladi.
Mazkur sabab tufayli Adliya vazirligi zimmasiga davlat boshqaruvi tizimining samaradorligini tahlil va monitoring qilish vazifasi yuklatilgandi. Shu asosda keyingi ikki yilda vazirlik tomonidan 77 ta idora faoliyati o‘rganilib, tahlil qilingan va 17 ta loyiha, 187 ta taklif ishlab chiqilgan.
Mazkur takliflar asosida qabul qilingan davlatimiz rahbarining yuqoridagi qarori tadbirkorlikning yangi yo‘nalishlari yaratish orqali xususiy sektor tomonidan yangi ish o‘rinlari barpo etish va byudjetga soliqlardan tushumni oshirishga xizmat qiladi.
Radarlar qayerda o‘rnatiladi?
2021 yil 1 martdan boshlab tadbirkorlik sub’yektlariga avtomobil yo‘llarida yo‘l harakati qoidalari buzilganligini qayd etuvchi maxsus avtomatlashtirilgan foto va video dasturiy-texnik vositalarini o‘rnatilishini tashkil etish huquqi beriladi.
Samarqand viloyatida 103 intellektual videokameralar, 27 statsionar radarlar o‘rnatilishi belgilangan.
Intellektual videokameralar eng ko‘p Samarqand shahrida – 63 ta, eng kami esa Nurobod tumanida – 1 ta, qolgan hududlarda 2 tadan 6 tagacha o‘rnatiladi.
Oqdaryo tumanida 6 ta, Narpay tumanida 5 ta, qolgan hududlarda 1-2 tadan statsionar radar o‘rnatiladi. Qo‘shrabot, Nurobod va Payariq tumanlarida tadbirkorlar tomonidan statsionar radar o‘rnatilmaydi.
Qayd etish lozimki, o‘rnatiladigan joylarni biznes-sub’yektlariga biriktirish elektron auksion savdolari orqali cheklanmagan muddatga va boshqa tadbirkorlik sub’yektiga o‘tkazish huquqi bilan amalga oshiriladi. Lotning boshlang‘ich narxi tartibi Ichki ishlar va Moliya vazirligi tomonidan belgilangan tartib asosida aniqlanadi.
Vositalar va shoxobchalar IIV va Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tomonidan belgilanadigan mezonlar va texnik topshiriqlarga, ularni o‘rnatish talablar va boshqa zarur shartlarga muvofiq bo‘lishi kerak.
IIV o‘rnatilgan vositalarni va shoxobchalarni DYHXXning “Ma’muriy amaliyot” kompleks avtomatlashtirilgan axborot tizimiga integratsiya qiladi.
Ularning texnik ekspluatatsiyasi va uzluksiz ishlashini ta’minlash, shu jumladan, joriy elektr energiyasi xarajatlarini qoplash xususiy sektor zimmasiga yuklatiladi.
Xususiy sektor vositalari va shoxobchalari orqali qayd etilgan yo‘l harakati qoidalari buzilganligi uchun jarimalarning bir qismini oladi. Uning miqdori Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Imtihon qanday olinadi?
2021 yil 1 apreldan boshlab tadbirkorlik sub’yektlariga barcha toifadagi avtomototransport vositalarini (trolleybus va tramvaydan tashqari) boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni o‘tkazishga haqli bo‘ladi.
Buning uchun nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish faoliyati uchun litsenziyaga ega bo‘lish kerak.
Haydovchilarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga qo‘yiladigan davlat talablarida, shu jumladan, tadbirkorlik sub’yektlari uchun zamonaviy avtodromlarni tashkil etish va ularni avtomatlashtirilgan maxsus transport vositalari bilan jihozlash bo‘yicha qo‘shimcha majburiyatlar nazarda tutilmoqda.
Haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni o‘tkazish va baholash inson omilisiz, to‘liq avtomatlashtirilgan holda Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati vakilining bevosita yoki onlayn nazorati ostida amalga oshiriladi.
Imtihonlarni o‘tkazish bo‘yicha xizmatlar uchun to‘lovlar miqdori tadbirkorlik sub’yekti tomonidan mustaqil ravishda belgilanadi hamda kelib tushadigan mablag‘lar to‘liq uning tasarrufida qoladi.
Nazariy va amaliy imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan shaxslarga haydovchilik guvohnomasini olish uchun asos bo‘ladigan maxsus himoyalangan sertifikatlar beriladi.
Maxsus himoyalangan sertifikatlarning barcha zarur rekvizitlari tadbirkorlik sub’yekti tomonidan davlat xizmatlari markazlari va ichki ishlar organlariga avtomatlashtirilgan holda taqdim etiladi.
Yo.MARQAYeV tayyorladi.