Prezident suhbatlashgan urgutlik tadbirkorda motivatsiya paydo bo‘ldi

Yosh tadbirkor Majidxon Islomov “Urgut sanoat servis” oilaviy korxonasi boshlig‘i. Xorijga borib, ishlab, ko‘ylak ishlab chiqarishni o‘rganib kelgan. Shu tarzda o‘zining tadbirkorlik faoliyatini boshlab, Urgutda birinchilardan bo‘lib, erkaklar ko‘ylaklari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan.

Majidxon bilan ilk bor bundan to‘rt yil avval, endigina ish boshlagan paytlarda uchrashib, suhbatlashgan edik. O‘shanda u tuman markazidagi binolardan birini ijaraga olib, aka-ukalari, to‘rt-besh nafar ishchi bilan faoliyat ko‘rsatardi.

2017 yilda davlatimiz rahbari farmoni bilan “Urgut” erkin iqtisodiy zonasining tashkil etilishi ko‘plab urgutlik tadbirkorlar qatori Majidxon Islomov uchun keng imkoniyatlar eshigini ochdi. Unga ham Mergancha massividan joy ajratilib, o‘z korxonasini tashkil etishiga sharoit yaratib berildi.

M.Islomov bugun iqtisodiy zonadagi katta bir korxonaning egasi. 50 dan ortiq ishchi, asosan yoshlar Turkiya va Xitoydan keltirilgan uskunalar yordamida yiliga 600 ming dona erkaklar ko‘ylagi ishlab chiqarmoqda. O‘tgan yili korxona 10,2 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarib, 100 ming dollarlik mahsulot eksport qilgan. Bu yil esa ishlab chiqarishni 2 millaird so‘mga, eksportga ikki barobar oshirish rejalashtirilgan.

Yaqinda davlatimiz rahbari viloyatimizga tashrifi chog‘ida Urgut tumanida ham bo‘lib, erkin iqtisodiy zonada faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar faoliyati bilan tanishdi, tadbirkorlar bilan suhbatlashdi. Majidxon Islomov ham Prezidentning nazariga tushib, davlat rahbari bilan ko‘rishish, suhbatlashish baxtiga muyassar bo‘ldi.