"Prezidentga va’da berdim"
Madina Shodiyeva Payariq tumanidagi oddiy bir oilada tug‘ilgan. Tarjimon bo‘lishni orzu qilgan qizaloq avval tumandagi 6-maktabda, keyin esa uyidan uzoq bo‘lmagan qishloq xo‘jalik kasb-hunar kollejida ta’lim oldi.
Qaysi ta’lim muassasasida o‘qimasin, chet tilini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishi so‘nmadi. Orzulari sari intilishda davom etdi. Natijada kollejni bitiriboq Samarqand davlat chet tillar institutiga xitoy tili yo‘nalishi bo‘yicha o‘qishga kirdi.
- Xitoy tilini tanlaganim bejiz emas, - deydi u. – To‘g‘ri, o‘rganish ancha qiyin, ammo qiziqarli. Shu bilan birga manfaatlidir. Sababi, keyingi paytlarda O‘zbekiston va Xitoy hamkorligi yaxshilanmoqda. Shuning uchun ham mamlakatimizga xitoylik sayyohlarning oqimi yil sayin ortib boryapti. Tarjimonlikka qiziqishim kuchliligi sababli talabalik davrimdanoq shu ish bilan shug‘ullanish maqsadida Registon ansamblida amaliyot o‘taganman.
Madina Shodiyeva o‘qish davomida ingliz, rus va xitoy tillarini puxta o‘rganishga harakat qildi. Bugungi kunda to‘rt tilda erkin suhbatlasha oladigan M.Shodiyeva Registon ansamblini ta’mirlash va undan foydalanish direksiyasi gid-ekskursovodi sifatida xorijdan kelayotgan sayyohlarga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, u ayni paytda Samarqand davlat chet tillar instituti magistraturasi bitiruvchisi. Qolaversa, shu institutda pedagogik faoliyatini ham boshlagan.
- Xitoydan kelgan mehmonlarga tarjimonlik qilaman, - deydi Madina. – Ular bilan suhbatlashishning gashti boshqacha. Xitoyliklarning Samarqanddagi tarixiy obidalarga qiziqishi o‘ta kuchli.
Ma’lumki, 30 iyun - Yoshlar kuni arafasida bir guruh yigit-qizlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga asosan «Kelajak bunyodkori» medali bilan mukofotlandi. Ular orasida Madina Shodiyeva ham bor.
- Prezident bilan uchrashish ham eng katta orzularimdan biri edi, - deydi M.Shodiyeva. – Bunga erishganimdan xursandman. Mukofotni davlatimiz rahbari qo‘lidan oldim hamda menga Xitoy va O‘zbekiston hamkorligini mustahkamlash yo‘lida olib borilayotgan ishlarga munosib hissa qo‘shishim zarurligini aytdilar. Bu menga katta bir mas’uliyat yukladi. Ana shunday yutuqlarga erishish yo‘lida menga ko‘makdosh bo‘lgan ota-onamdan, ustozlarimdan, institutda menga xitoy tilini o‘rgatgan o‘qituvchilarimdan, Registon ansambli jamoasidan minnatdorman.
Mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan e’tibor, yaratilayotgan imkoniyatlar Madina Shodiyeva kabi millionlab o‘zbekistonlik yigit-qizlarga kuch-g‘ayrat, shijoat bag‘ishlab, ularni yangi marralar sari yetaklaydi.
Hushnozabonu NIYoZOVA.