Professional boks bo‘yicha jahon chempioni Murodjon Ahmadaliyevga

Qadrli farzandim Murodjon!

Avvalo, Seni, barcha ustoz va murabbiylaringni, butun xalqimizni boks bo‘yicha erishgan tarixiy g‘alabang bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

AQShning Mayami shahrida ikki yo‘nalishdagi professional boks bo‘yicha amaldagi jahon chempioniga qarshi o‘tkazgan g‘oyat shiddatli va qiziqarli jangingni o‘zbekistonliklar katta hayajon va qiziqish bilan kuzatdi.

Millionlab tengdoshlaringga ibrat namunasini ko‘rsatib, yuksak mardlik va matonat bilan professional boksning ikkita eng nufuzli (WBA Super va IBF) yo‘nalishlarida shunday buyuk g‘alabani qo‘lga kiritganing, jahon boksidagi uzoq yillik rekordni yangilaganing har qanday tahsin va tasannolarga munosibdir.

El-yurtimizning ishonchini oqlab, mustaqil O‘zbekiston sporti tarixida mutlaqo yangi va yorqin sahifa ochgan ushbu olamshumul zafar sohibi bo‘lgan Sen kabi jasur va vatanparvar o‘g‘lonlarimiz bilan haqli ravishda faxrlanamiz va chin yurakdan olqishlaymiz.

Murodjon o‘g‘lim, Sen ringda o‘zbek yigitlarining jismoniy, ruhiy va ma’naviy jihatdan barkamolligini, hech qachon kuragi yerga tegmagan buyuk ajdodlarning munosib vorisi ekanligini, O‘zbekiston tom ma’noda boks mamlakatiga aylanib borayotganini yana bir bor isbotlading. 

Fursatdan foydalanib, jonajon Vatanimizning bayrog‘i va shon-shuhratini xalqaro maydonlarda yanada yuksaltirish yo‘lidagi sharafli faoliyatingda ulkan omadlar, oilaviy baxt-saodat va yangi yutuqlar tilab qolaman.

Hurmat bilan,

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

 

Toshkent shahri

2020 yil 1 fevral