Qaysi soha vakillari eng ko‘p oylik olayotgani ma’lum qilindi

Mamlakatda 2023 yilda o‘rtacha oylik ish haqi 4 million 551 ming so‘mni tashkil etib, 2022 yildagiga nisbatan 17,2 foizga oshgan. Bu haqda Statistika agentligi ma’lum qildi.

O‘tgan yilning yanvar-dekabr oylarida hududlar bo‘yicha o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqining eng yuqori ko‘rsatkichlari Toshkent shahri, Navoiy, Toshkent, Andijon hamda Buxoro viloyatlarida qayd etilgan.

Yil davomida o‘rtacha ish haqining eng yuqori o‘sish sur’atlari Farg‘ona (19,1 foiz), Jizzax (18,1 foiz), Xorazm (18 foiz), Samarqand (17,8 foiz) hamda Toshkent shahrida (18,7 foiz) kuzatilgan.

2023 yilda o‘rtacha oylik ish haqining eng baland ko‘rsatkichi moliya va sug‘urta sohasiga to‘g‘ri kelib, 13 million 323 ming so‘mni tashkil etgan. Shuningdek, axborot va aloqa sohasi 10 million 602 ming so‘m, tashish va saqlash sohasi 6 million 937 ming so‘m, sanoat sohasi 5 million 622 ming so‘m bilan o‘rtacha oylik ish haqiga nisbatan yuqori ko‘rsatkichni qayd etgan.

Doimgidek ta’lim (3 million 123 ming so‘m) hamda Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish (3 million so‘m) sohalaridagi o‘rtacha ish haqi miqdori boshqa sohalarga nisbatan eng quyi pog‘onalardan o‘rin olgan.