Ayrim o‘qituvchilarning mehnat ta’tili pullari kechikkani bilan bog‘liq murojaatlar o‘rganib chiqildi
Shu kunlarda Xalq ta’limi vazirligining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali o‘qituvchilar tomonidan ayrim hududlarda mehnat ta’tili pullari kechiktirilayotganligi yuzasidan murojaatlar kelib tushmoqda.
Vazirlik tomonidan mazkur murojaatlar o‘rganilganda, muammo yuzaga kelishiga asosiy sabab aksariyat hollarda barcha xodimlarga birdaniga mehnat ta’tili berilgani ma’lum bo‘ldi (o‘qituvchilarni mehnat ta’tiliga chiqarish rejaga ko‘ra bosqichma-bosqich amalga oshirilishi belgilangan).
Bugungi kunda, mazkur masalani tezkor hal etish hamda muammoni bartaraf etish maqsadida, hududlardan olingan hisob-kitob va talabnomalarga asosan Xalq ta’lim vazirligi tomonidan Moliya vazirligi bilan birgalikda zarur mablag‘larni yetarli darajada ajratish choralari ko‘rildi.
Umumta’lim maktablari xodimlariga belgilangan to‘lovlar bugun, juma kuni va dushanba tushlik vaqtigacha to‘liq amalga oshirilishini ma’lum qilamiz.
Undan keyin ham shu masala bo‘yicha muammolar qolib ketgan taqdirda, 12 iyul kuni tushlikdan so‘ng Vazirlikning ishonch telefon raqami 71 202 09 09 yoxud ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifasi orqali murojaat qilishingiz so‘raladi.