Qishloq joylarda va fuqarolarning ayrim toifalari uchun arzon uy-joylar qurishni kengaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida

So‘nggi yillarda yangilangan namunaviy loyihalar asosida arzon uy-joylar qurish hisobiga qishloq aholisini uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 21 oktyabrdagi PQ-2639-son qarori bilan tasdiqlangan 2017-2021 yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylarni qurish Dasturiga (keyingi o‘rinlarda – Dastur) muvofiq yangilangan namunaviy loyihalar asosida 53 mingdan ziyod arzon uy-joylar va kvartiralar qurildi, turar joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj 65 mingga yaqin oila uy-joy bilan ta’minlandi.

Shu bilan birga, Dastur ijro qilinishini o‘rganish yakunlari qishloq joylarda arzon uy-joylarga talab yuqori ekanligini ko‘rsatdi, yangicha yondashuvlarni ishlab chiqishni taqozo etadigan uy-joylar qurilishini tashkil etish va muhtoj oilalarni arzon uylar bilan ta’minlash bo‘yicha bir qator jiddiy kamchiliklar aniqlandi:

birinchidan, namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurilishi uchun qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar toifasiga kiradigan yer uchastkalaridan foydalanish holatlari ko‘plab uchramoqda. Xususan, joriy yilda mazkur maqsadlar uchun tuman hokimliklari tomonidan ajratilgan 1065 gektar yerning 60 gektarga yaqini qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar toifasiga kiradi;

ikkinchidan, qurilayotgan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylarning narxini maqbullashtirish hamda energiya samarador va mahalliy ishlab chiqaruvchilarning arzon qurilish materiallaridan foydalangan holda me’moriy va texnik yechimlarni qo‘llash yetarli darajada ta’minlanmayapti;

uchinchidan, muhandislik-transport kommunikatsiyalari va namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurilishida o‘zaro uyg‘unlik ta’minlanmayotgani natijasida respublika byudjeti, maqsadli jamg‘armalar va ijrochilar mablag‘lari ortiqcha sarf qilinmoqda;

to‘rtinchidan, namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurishda shaharsozlik norma va qoidalari talablarini buzish, qurilish-montaj ishlarini sifatsiz bajarish, loyihadan chetga chiqish holatlari mavjud.

Arzon uy-joylar qurilishini samarali tashkil etish, yer resurslaridan oqilona foydalanish, aholi punktlarining muhandislik-transport kommunikatsiyalarini va infratuzilmasini rivojlantirish orqali aholining uy-joyga bo‘lgan yuqori talabini to‘liq qondirish maqsadida:

1. Quyidagilar qishloq joylarda uy-joy qurilishini yanada rivojlantirish va muhtoj oilalarni arzon uy-joy bilan ta’minlashning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilansin:

uy-joylarni hududiy optimal joylashtirish hamda ular uchun faqat qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar va o‘rmon fondi yerlari toifalariga kirmaydigan yer uchastkalarini taqdim etish hisobiga yer resurslaridan oqilona foydalanish;

kam ta’minlangan va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan oilalar uchun mo‘ljallangan arzon uy-joylar qurish ko‘lamini kengaytirish;

uy-joylarning narxini pasaytirish va energiya samaradorligini oshirish maqsadida me’moriy va texnik yechimlarni maqbullashtirish, mahalliy qurilish materiallari, uskunalar va zamonaviy devorbop materiallarni keng qo‘llashni nazarda tutuvchi yangi namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylarni qurish;

uy-joylarni taqdim etishda manzillilik, shaffoflik va ijtimoiy adolatni ta’minlash tamoyillarini inobatga olgan holda qishloq joylarda yashovchilarning turmush sharoitlarini yaxshilash va uy-joyga muhtoj oilalarning ehtiyojini qondirish;

muhandislik-transport kommunikatsiyalari va infratuzilma ob’yektlari qurilishini “Obod qishloq” dasturi bilan o‘zaro uyg‘unlikda tashkil etish, shuningdek, qishloq joylarda samarali kanalizatsiya tizimlarini joriy etish.

 

2. O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, Moliya vazirligi

va Iqtisodiyot vazirligining Dastur doirasida, 2019 yildan boshlab quyidagi yangi namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar (keyingi o‘rinlarda – arzon uy-joylar) qurilishi to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin:

 

“Obod qishloq” dasturiga kiritilgan aholi punktlarida, shuningdek, aholisi zich bo‘lmagan va zarur muhandislik-transport kommunikatsiyalari bilan ta’minlanmagan hududlarda 0,02 ga o‘lchamli yer uchastkalarida joylashtiriladigan bir qavatli 3 xonali (yonma-yon quriladigan) arzon uylar;

“Obod qishloq” dasturiga kiritilgan aholi punktlarida, shuningdek, aholi zichligi yuqori bo‘lgan va zarur muhandislik-transport kommunikatsiyalari bilan ta’minlangan hududlarda to‘rt qavatli arzon ko‘p kvartirali (2 va 3 xonali) uylar;

shaharlarda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchilari hamda ichki ishlar organlari xodimlari (keyingi o‘rinlarda – fuqarolarning alohida toifalari) uchun besh qavatli arzon ko‘p kvartirali (2 va 3 xonali) uylar.

Bunda bo‘sh yer uchastkalari mavjud bo‘lmagan aholi punktlarida arzon ko‘p kvartirali uylarni qurish yo‘l bo‘ylarida joylashgan yaroqsiz uy-joylar, bino va inshootlarni buzish hisobiga bo‘shagan hududlarda chiziqli-qatorli ko‘rinishda joylashtirgan holda amalga oshiriladi.

3. Ma’lumot uchun qabul qilinsinki:

“Qishloq qurilish loyiha” MChJ tomonidan mahalliy qurilish materiallari, uskunalar va zamonaviy devorbop materiallardan keng foydalangan holda barpo etiladigan va qishloq sharoitiga moslashtirilgan arzon ko‘p kvartirali uylarning (yordamchi inshootlar va hovli qurilmalari bilan birgalikda) namunaviy loyihalari ishlab chiqilgan;

O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi va Qurilish vazirligi tomonidan mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar bilan birgalikda markazlashgan kanalizatsiya, gaz va issiqlik ta’minoti tizimlari bilan ta’minlanmaydigan arzon ko‘p kvartirali uylar uchun mo‘ljallangan lokal oqova suv tozalash inshootlari va qattiq yoqilg‘ida ishlovchi energiya samarador isitish qozonlari joriy etilmoqda;

arzon uy-joylar, shuningdek, ichimlik suvi, kanalizatsiya va issiqlik ta’minoti inshootlari va tarmoqlari hamda yo‘llar (sement-beton qoplamali) qurilishi bo‘yicha buyurtmachi etib “Qishloq qurilish invest” IK” MChJ, bosh loyihachi etib esa “Qishloq qurilish loyiha” MChJ belgilangan.

4. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Qurilish vazirligi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari “Qishloq qurilish invest IK” MChJ, ishtirok etuvchi tijorat banklari, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ishlab chiqilgan:

2019-2020 yillarda qishloq joylarda va fuqarolarning alohida toifalari uchun arzon uy-joylar qurilishi bo‘yicha yig‘ma ko‘rsatkichlar 1 va 1.1-ilovalarga muvofiq;

2019-2020 yillarda qishloq joylarda arzon uy-joylar qurilishi bo‘yicha asosiy parametrlar 2 va 2.1-ilovalarga muvofiq;

 

2019-2020 yillarda fuqarolarning alohida toifalari uchun arzon ko‘p kvartirali uylar qurilishi bo‘yicha asosiy parametrlar

3 va 3.1-ilovalarga muvofiq;

 

2019-2020 yillarda arzon uy-joy massivlarida tashqi muhandislik tarmoqlari, inshootlari va transport kommunikatsiyalari qurilishi bo‘yicha yig‘ma ko‘rsatkichlar 4 va 4.1-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi “Qishloq qurilish invest” IK” MChJ hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2019 yilning 1 iyuliga qadar arzon uy-joylar qurilishi monitoringi bo‘yicha axborot tizimini (keyingi o‘rinlarda – axborot tizimi) ishlab chiqsin va tatbiq qilsin, ushbu tizim uy-joy quruvchilar va boshqa manfaatdor shaxslar uchun Internet tarmog‘ida real vaqt rejimida quyidagilar to‘g‘risida axborot olish imkoniyatini ta’minlaydi:

bajarilgan qurilish-montaj ishlarining hajmlari (shu jumladan, ob’yektlarning fotosuratlari va video-yozuvlari);

ob’yektlar qurilishida ishtirok etayotgan pudratchilar;

qurilishi tugallangan ob’yektlarda o‘tkazilgan nazorat tartibida o‘lchash natijalari;

qurilishni moliyalashtirishning borishi.

6. Belgilansinki:

arzon uy-joylar, tashqi muhandislik tarmoqlari, inshootlari va transport kommunikatsiyalari qurilishining kelgusi yillar uchun asosiy parametrlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan har yili 1 iyunga qadar “Obod qishloq” dasturi bilan o‘zaro bog‘langan holda tasdiqlanadi;

arzon uy-joylar, tashqi muhandislik tarmoqlari, inshootlari va transport kommunikatsiyalari qurilishining massivlar kesimidagi taqsimoti O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Obod qishloq” dasturini 2018 yilda amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2018 yil 29 martdagi PQ–3630-sonli qarori bilan tuzilgan Respublika komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2018 yilda uy-joy qurilishini rivojlantirish maqsadli dasturlarini samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018 yil 18 yanvardagi PQ-3480-sonli qarorining 7-ilovasida ko‘rsatilgan asosiy qurilish materiallari va uskunalar “Qishloq qurilish invest” IK” MChJ tomonidan bosh pudrat tashkilotlariga markazlashtirilgan tartibda yetkazib beriladi;

ichimlik suvi, kanalizatsiya, issiqlik, elektr, gaz ta’minoti inshootlari va tarmoqlari hamda yo‘llar qurilishi markazlashtirilgan manbalar, xalqaro moliya institutlari mablag‘lari, shuningdek, “O‘zbekenergo” AJ va “O‘ztransgaz” AJning o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;

arzon uy-joylar, muhandislik-transport kommunikatsiyalari va infratuzilma ob’yektlari qurilishi ishtirokchilariga, qurilish materiallari va uskunalarni ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalarga, shuningdek, transport tashkilotlari va boshqa tashkilotlarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017-2021 yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi to‘g‘risida” 2016 yil 21 oktyabrdagi PQ–2639-sonli qarorida nazarda tutilgan soliq va bojxona imtiyozlari qo‘llaniladi;

arzon ko‘p kvartirali uylarning birinchi qavatlarida noturar joylari qurilishi “Qishloq qurilish invest” IK” MChJning zaxira jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;

arzon ko‘p kvartirali uylarning birinchi qavatlarida qurilayotgan noturar joylar yerto‘lasi bilan birga “Qishloq qurilish invest” IK” MChJ tomonidan “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasida auksionga qo‘yiladi va ularni sotishdan olingan daromadlar “Qishloq qurilish invest” IK” MChJning zaxira jamg‘armasiga yo‘naltiriladi;

Axborot tizimini ishlab chiqish, tatbiq etish va qo‘llab-quvvatlash “Qishloq qurilish invest” IK” MChJ tomonidan uning zaxira jamg‘armasi mablag‘lari hamda qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

7. 2019 yilda qishloq joylarda va fuqarolarning ayrim toifalari uchun arzon uy-joylar qurilishi asosiy parametrlari va yig‘ma ko‘rsatkichlarining jadal ravishda ijro etilishini ta’minlash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari belgilangan tartibda:

O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Qurilish vazirligi va Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati markazi bilan birgalikda ikki hafta muddatda arzon uy-joylar, muhandislik-transport kommunikatsiyalari va infratuzilma ob’yektlarini qurish uchun buyurtmachilarga qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar va o‘rmon fondi yerlari toifalariga kirmaydigan hamda tashqi muhandislik-transport kommunikatsiyalariga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lgan bo‘sh yer uchastkalari ajratilishini;

ishtirok etuvchi tijorat banklari, manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda arzon uy-joylar qurilishi uchun talabgorlarni tanlash va ularning boshlang‘ich badallarini shakllantirishni;

buyurtmachilar va loyiha tashkilotlari bilan birgalikda ikki oy muddatda arzon uy-joylar, muhandislik-transport kommunikatsiyalari va infratuzilma ob’yektlari qurilishi bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilishini;

buyurtmachilar bilan birgalikda uch oy muddatda arzon uy-joylar, muhandislik-transport kommunikatsiyalari va infratuzilma ob’yektlarini qurish uchun pudrat tashkilotlari aniqlanishini ta’minlasinlar.

8. O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi:

Qurilish vazirligi bilan birgalikda arzon ko‘p kvartirali uylar uchun suv ta’minoti tizimlari loyihalari uzluksiz suv ta’minotini ta’minlovchi samarali texnik yechimlarni, shu jumladan, zarur hollarda, maxsus inshootlarni (bosimli suv minorasi, rezervuar va boshqalar) o‘rnatishni nazarda tutgan holda ishlab chiqilishini;

viloyatlar hokimliklari va mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar bilan birgalikda markazlashtirilgan kanalizatsiya, issiqlik va gaz ta’minoti tizimlari bilan ta’minlanmaydigan arzon ko‘p kvartirali uylar uchun zarur bo‘lgan hajm va quvvatlarda lokal oqova suv tozalash inshootlari va qattiq yoqilg‘ida ishlovchi energiya samarador isitish qozonlari ishlab chiqarilishini ta’minlasin.

Belgilansinki:

muhandislik-transport kommunikatsiyalariga ulanmagan, uzluksiz elektr va suv ta’minoti yo‘lga qo‘yilmagan arzon uy-joylar foydalanishga qabul qilinmaydi;

qurilishi tugallangan ichimlik suvi, kanalizatsiya va issiqlik ta’minoti inshootlari hamda tarmoqlarini ekspluatatsiya qilish va saqlash hududiy ichimlik suvi va issiqlik ta’minoti korxonalari tomonidan, shuningdek, davlat-xususiy sheriklik asosida tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan amalga oshiriladi.

9. “O‘zbekenergo” AJ Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda arzon ko‘p kvartirali uylarni hamda ularning ichimlik suvi, kanalizatsiya va issiqlik ta’minoti inshootlarini uzluksiz ravishda elektr energiyasi bilan ta’minlasinlar.

10. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi bilan birgalikda ichimlik suvi, kanalizatsiya va issiqlik ta’minoti inshootlari va tarmoqlari hamda avtomobil yo‘llari qurish uchun markazlashtirilgan manbalar hisobidan zarur mablag‘lar ajratsin;

ishtirok etuvchi tijorat banklarining buyurtmanomalari bo‘yicha birinchi 5 yil mobaynida yiliga 4 foizli stavka bilan va keyingi davrda ishtirok etuvchi tijorat banklarining marjasi yiliga 3 foiz miqdorida bo‘lishini hisobga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasi miqdorida 2 yillik imtiyozli davr bilan qishloq joylarda yashovchi shaxslar uchun – 20 yil, fuqarolarning alohida toifalari uchun – 15 yil muddatlarga milliy valyutada kredit liniyalarini ochsin, ushbu mablag‘lar arzon uy-joylar qurilishiga maqsadli yo‘naltirilsin.

11. Belgilansinki, ishtirok etuvchi tijorat banklari arzon uy-joylar qurilishi uchun uy-joy quruvchilarga 2 yillik imtiyozli davr hamda dastlabki 5 yil mobaynida yillik 7 foiz stavkasi bilan va keyingi davrda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasi miqdorida:

qishloq joylardagi arzon uy-joylarni sotib olish uchun – 20 yil muddatga va uy-joy quruvchilarning boshlang‘ich badali 10 foiz miqdorida;

fuqarolarning alohida toifalari tomonidan arzon ko‘p kvartirali uylarni sotib olish uchun – 15 yil muddatga va uy-joy quruvchilarning boshlang‘ich badali 25 foiz miqdorida ipoteka kreditlari taqdim etadi.

12. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan “Qishloq qurilish bank” ATB tomonidan “Qishloq qurilish invest” IK” MChJga ajratilgan 350 milliard so‘m miqdoridagi kreditlarni qaytarish muddati 2019 yilning 1 iyuliga qadar uzaytirilsin.

13. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, “O‘zmetkombinat” AJ va “O‘zqurilishmateriallari” AJ buyurtmachilar hamda loyiha tashkilotlarning asoslangan hisob-kitoblari bo‘yicha arzon uy-joylar, shuningdek, ularning muhandislik-transport kommunikatsiyalari va infratuzilma ob’yektlari qurilishi uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalarga va birja kotirovkalarining o‘rtacha narxlariga muvofiq haqini oldindan to‘liq to‘lash sharti bilan metall prokati va sement ajratilishini ta’minlasin.

14. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi Moliya vazirligi va Iqtisodiyot vazirligi, ishtirok etuvchi tijorat banklari, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

arzon uy-joylar, muhandislik-transport kommunikatsiyalari va infratuzilma ob’yektlari qurilishi uchun xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining uzoq muddatli imtiyozli kreditlarini jalb etish choralarini ko‘rsin;

ushbu qaror talablaridan kelib chiqqan holda avval imzolangan qarz bitimlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritish yuzasidan Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi va Kuvayt arab iqtisodiy taraqqiyot jamg‘armasi bilan muzokaralar olib borsin.

15. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Toshkent viloyatida eksperiment tariqasida qurilishning innovatsion usullaridan, zamonaviy qurilish materiallari va texnologiyalaridan foydalangan holda davlat-xususiy sherikligi shartlari asosida arzon uy-joylar qurilishi bo‘yicha taklif kiritsin.

16. Ma’lumot uchun qabul qilinsinki:

O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi va Global ekologik fond (keyingi o‘rinlarda – ishtirokchilar) bilan hamkorlikda “O‘zbekiston Respublikasining qishloq joylarda energiya samarador uy-joylar qurilishini rivojlantirishga ko‘maklashish” qo‘shma loyihasi (keyingi o‘rinlarda – Qo‘shma loyiha) amalga oshirilmoqda;

Qo‘shma loyiha doirasida 2019-2021 yillarda arzon uy-joylar qurilishi uchun 3,0 million AQSh dollari miqdorida maqsadli grantlar ajratilishi nazarda tutilgan bo‘lib, ular qurilayotgan arzon uy-joylarning energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha xarajatlarni qoplashga yo‘naltiriladi;

Qo‘shma loyiha doirasida “Qishloq qurilish loyiha” MChJ tomonidan arzon uy-joylarning energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan zamonaviy energiya tejamkor materiallar va texnologiyalardan foydalanishni ko‘zda tutuvchi namunaviy loyihalari ishlab chiqildi;

energiya samarador arzon uy-joylarning qurilishi Qo‘shma loyiha ishtirokchilari bilan kelishgan holda aniqlanadigan massivlarda amalga oshiriladi;

maqsadli grantlar BMT Taraqqiyot dasturi bilan grantlar ajratish bo‘yicha imzolanadigan shartnomaga muvofiq “Qishloq qurilish bank” ATB orqali ipoteka krediti doirasida ajratiladi.

17. “Qishloq qurilish invest” IK” MChJ, “Qishloq qurilish loyiha” MChJ va “Qishloq qurilish bank” ATB Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda:

Qo‘shma loyiha ishtirokchilari bilan kelishgan holda namunaviy loyihalarning joylarga bog‘lanishini va energiya samarador arzon uy-joylar qurilishi bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilishini;

grantlardan maqsadli foydalanilishi va qurilish-montaj ishlarining sifatli amalga oshirilishi ustidan doimiy nazorat va monitoring olib borilishini;

Qo‘shma loyiha ishtirokchilari talabiga binoan monitoring va nazorat natijalari to‘g‘risida ma’lumotlar taqdim etilishini ta’minlasinlar.

18. Toshkent shahar hokimligi ishtirok etuvchi tijorat banklari bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017-2020 yillarda shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish Dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2016 yil 22 noyabrdagi PQ–2660-sonli qarori doirasida Toshkent shahrida qurilayotgan ko‘p kvartirali uylardagi kvartiralar hisobidan har yili:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish tizimi samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017 yil 1 iyundagi PF–5066-sonli Farmoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimi harbiy xizmatchilari, qutqaruvchilari va xodimlari uchun – 56 ta kvartira;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 17 avgustdagi PQ–3224-sonli qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining harbiy xizmatchilari uchun – 300 ta kvartira;

Vazirlar Mahkamasining “Ichki ishlar organlari xodimlarining turar joy sharoitlarini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2017 yil 29 iyundagi 444-sonli qaroriga muvofiq ichki ishlar organlari xodimlari uchun – 168 ta kvartira;

Vazirlar Mahkamasining “Mamlakat ijtimoiy hayotida faol ishtirok etayotgan yosh oilalarni uy-joy bilan ta’minlashda qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2017 yil 23 sentyabrdagi 753-sonli qaroriga muvofiq mamlakat ijtimoiy hayotida faol ishtirok etib, alohida namuna ko‘rsatayotgan yosh oilalar uchun – 420 ta kvartira;

Vazirlar Mahkamasining “Og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga, nogironligi bo‘lgan, kam ta’minlangan, farzandlarini to‘liqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj onalarga arzon uy-joylar berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2018 yil 12 apreldagi 285-sonli qaroriga muvofiq og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlar uchun – 66 ta kvartira ajratilishini ta’minlasin.

19. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari ishtirok etuvchi tijorat banklari bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017-2020 yillarda shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish Dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2016 yil 22 noyabrdagi PQ–2660-sonli qaroriga muvofiq shaharlarda qurilayotgan ko‘p kvartirali uylardagi kvartiralar hisobidan har yili mamlakat ijtimoiy hayotida faol ishtirok etib, alohida namuna ko‘rsatayotgan yosh oilalar va og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlar uchun amaldagi parametrlar va nizomlarga binoan kvartiralar taqdim etilishini ta’minlasin.

20. 2019 yilning 1 yanvaridan boshlab shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq qurilishi tugallangan arzon uy-joylarda asosli tarzda nazorat tartibida o‘lchash natijalari bo‘yicha aniqlangan va ushlab qolingan summalar uy-joy quruvchilarga qaytariladi.

21. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, “Qishloq qurilish invest” IK” MChJ va ishtirok etuvchi tijorat banklari bilan birgalikda ushbu qarorning mazmuni va mohiyati ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritilishini ta’minlasin.

22. Quyidagilar:

ushbu qarorning talablari o‘z vaqtida va to‘la-to‘kis amalga oshirilishini ta’minlash ustidan qattiq nazorat olib borilishi yuzasidan – O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari (Ramatov) zimmasiga;

ushbu qaror bilan tasdiqlangan yig‘ma ko‘rsatkichlar va asosiy parametrlarga muvofiq arzon uy-joylar, muhandislik-transport kommunikatsiyalari hamda infratuzilma ob’yektlari o‘z vaqtida va sifatli qurilishi yuzasidan – O‘zbekiston Respublikasi qurilish vaziri (To‘xtayev) zimmasiga;

qurilish-montaj ishlari tannarxini pasaytirish va ularda mahalliy zamonaviy qurilish materiallari va uskunalarini keng qo‘llash, shuningdek, mahalliy qurilish industriyasini barqaror rivojlantirish va pudrat tashkilotlari salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlarni izchil amalga oshirish yuzasidan – O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot vaziri (Xodjayev) zimmasiga shaxsiy javobgarlik yuklansin.

23. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilikka ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

24. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining rahbari Z.Sh.Nizomiddinov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining o‘rinbosari G.K.Saidova zimmasiga yuklansin.

 

 

O‘zbekiston Respublikasi 
Prezidenti                                                   Sh.Mirziyoyev 


Toshkent shahri, 
2018 yil 24 noyabr