Ibratli voqea: Qiz qadri
Maktablarning birida go‘zal muallima bor edi. Juda latofatli bo‘lsa-da, hanuz turmushga chiqmagan, balki umuman oila qurish niyati ham yo‘qdek edi. Hamkasblari undan: “Nima uchun turmushga chiqmagansiz? Axir juda go‘zal qizsiz?”, deb so‘rashibdi.
U esa shunday debdi:
- Bir ayolning beshta qizi bo‘lib, oltinchisiga homilador edi. Eri unga: “Agar bu safar ham qiz bo‘lsa, uni o‘z qo‘llarim bilan uydan chiqarib tashlayman”, deb tahdid qilardi. Baxtga qarshi ayol oltinchi qizini dunyoga keltirdi. Eri ham so‘zining ustidan chiqib, oltinchi qizni qo‘liga olib, xufton namozidan keyin masjid ostonasida qoldirdi. Bomdod namozidan avval kelib qarasa, chaqaloq qo‘yib ketgan joyida turibdi, uni hech kim olib ketmabdi. Noiloj ota qizni uyiga qaytarib keldi va kechgacha onasi oldida qoldirdi. Xufton namozidan keyin chaqaloqni yana masjid eshigi oldida qoldirib ketdi. Bomdod vaqtida yana qizini qaytarib olib keldi. Bu hol yetti kun davom etdi. Onaizor esa yetti kun tinimsiz qizi uchun Qur’on o‘qib, duo qilib o‘tirardi. Ota o‘z ishidan o‘zi zerikib, qizni uyda qoldirishga qaror qildi. Bundan ona juda xursand bo‘ldi. Ozgina muddat o‘tib ona yana homilador bo‘ldi. Bu safar o‘g‘il! Lekin katta qiz farzand to‘satdan vafot etdi.
Ona ikkinchi o‘g‘ilni dunyoga keltirdi. Ammo ikkinchi qiz vafot etdi. Shu zayl har safar o‘g‘il tug‘ilsa, bitta qiz dunyodan ko‘z yumar edi. Ona besh o‘g‘ilni dunyoga keltirdi. Lekin beshta qizini qabrga qo‘ydi. Faqat otasi qutulishni istagan kenja oltinchi qizgina tirik qoldi. Keyin esa onaning o‘zi bu foniy dunyoni tark etdi. Hozir o‘sha qiz ham, ukalari ham ulg‘ayishgan. O‘sha otasi xalos bo‘lishni istagan oltinchi qiz kim ekanini bilasizlarmi? O‘sha qiz menman.
Otam qarib qolgan. Unga qaraydigan hech kim yo‘q. Men barcha xizmatlarini qilaman, taom hozirlayman, xullas, nima parvarish bo‘lsa o‘zim qilaman. Turmushga chiqmasligimning asosiy sababi ham mana shu. Beshta ukam esa otamni ziyoratiga kelib turadilar. Qaysi biridir, bir oyda bir, yana qaysisi ikki oyda bir “qorasi”ni ko‘rsatib ketadi. Otam esa menga nisbatan go‘dakligimda qilgan ishlaridan pushaymon bo‘lib har kuni yig‘laydilar...
"Baxtli hayot sari" kitobidan.