"Qorabayir otlari karvoni" ishtirokchilari taqdirlandi
Davlatimiz rahbari tomonidan mamlakatimizda yilqichilikni rivojlantirish, xususan, ko‘p yillardan buyon mintaqada boqilayotgan qorabayir otlari zotini ko‘paytirish, xalqimiz orasida otga, ot sportiga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirishga alohida e’tibor qaratilyapti.
Jumladan, bundan 5 kun avval Toshkent viloyati markazi - Nurafshon shahriga yurtimizning mashhur chavandozlari zotdor otlari bilan to‘plangan edi. O‘sha kuni erta tongdan Prezidentimizning 2019 yil 18 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida yilqichilik va ot sportini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan “Qorabayir otlar marafoni”ga start berildi.
Toshkent viloyati hokimligi “Qorabayir otchilik majmuasi” hamda “ABS Oqqo‘rg‘on klaster” paxtachilik klasteri bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur marafonda 20 nafar chavandoz Kapital, Yulduz, Karol, Limon, Miraj, Navro‘z, Oqsaroy, Olmos, Sadaf, Sangar, To‘riq, Qaldirg‘och, Mamlyuk, Sapsan, Istanbul, Komissar, Baron, Graf, Burgut va To‘fon laqabli tulporlari bilan Toshkent viloyatidan Samarqandgacha 330 kilometr masofani bosib o‘tdi va bugun 7 dekabr kuni Samarqand shahriga kirib keldi.
- 5-6 kun otda yurish chavandozdan mustahkam iroda, sabr-bardosh talab qiladi, - deydi "Qorabayir otlari karvoni" sardori Jahongir Sodiqov. - O‘z navbatida otlar ham uzoq safarga chidamli bo‘lishi va o‘z vaqtida ularga dam berilishi kerak. Shu bois karvon ishtirokchilarining yo‘l davomida kayfiyatini ko‘tarish, ularga ruh bag‘ishlash maqsadida baxshilar tomonidan “Go‘ro‘g‘li” va “Alpomish” dostonlaridan parchalar, ularning mashhur otlari Boychibor hamda G‘irko‘k haqida termalar ijro etildi va marafon o‘ziga xos taassurotlarga boy bo‘ldi.
Chavandozlar Registon maydonida tantanali kutib olindi. Tadbirda Toshkent va Samarqand viloyati hokimliklari mas’ullari, mutasaddi vazirlik va boshqarmalar, keng jamoatchilik vakillari, sportchilar ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olganlar uloq chopish milliy qadriyat ekanligi, yurtimizda ot sportining rivojlanib borayotgani, shuningdek ot sporti maktablari faoliyatining yo‘lga qo‘yilayotganligini alohida ta’kidladi.
Anjuman davomida “Qorabayir otlari karvoni”da belgilangan manzilga yetib kelgan chavandozlar va ularga hamrolik qilganlar, faxriy yorliq, pul mukofoti va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.