Qorasuvda qachon bekat(lar) quriladi?
Bu mavzuda avval ham Zarnews.uz’da chiqish qilgandik. Ammo hanuzgacha Samarqand shahridagi yangi shaharchaga aylangan maskanda birorta bekat yo‘q.
To‘g‘ri, shaxsiy avtomashinasi borlar, taksida yuradiganlar uchun bekatning bor-yo‘qligi ahamiyatsiz. Ammo, avtobusda yuradigan aholi-chi? Ularni kim o‘ylaydi?
Yaqinda Qorasuv maskanidan bor-yo‘g‘i 2 kilometr chiqadigan katta yo‘lgacha avtobusga chiqdim. Avtobus 10 metr yurib, to‘xtadi, yana 20 metr yurib to‘xtadi. Har gal to‘xtaganida 3-4 nafar yo‘lovchi chiqyapti. Xullas, avtobus katta yo‘lgacha sakkiz marta to‘xtab, yo‘lovchi oldi. Ertalab kimdir ishga, kimdir o‘qishga shoshilyapti. Avtobus esa har qadamda to‘xtaydi. Afsuski, bu hol har kuni takrorlanadi. Ba’zida darsga kechikishidan xavotirlangan talabalar yoki ishga qatnaydigan korxona, tashkilot xodimlari taksiga o‘tiradi. Aslida yo‘llardagi tirbandlikka ham taksiga bo‘lgan ehtiyojning ko‘pligi sabab bo‘lmoqda.
Agar shaharchada vaqtida bekatlar qurilganida va avtobuslar qat’iy, aniq vaqtga ega jadval asosida harakatlanganida odamlar shaxsiy mashinasi yoki taksilarda emas, jamoat transportida manziliga borishni ma’qul ko‘rar, bugun odamlar istagan joyidan avtobusni to‘xtatmasdi. Shaharga qatnovchilar va haydovchilarning vaqti va asabi tejalgan bo‘lardi.
Oldimizda yog‘in-sochinli, qor-qirovli kunlar turibdi. Aholining shalabbo bo‘lib, yo‘lda avtobus kutishini tasavvur qilavering. Xo‘sh, bu muammo qachon hal etiladi? Samarqand shahar hokimligi Qorasuvga bekatlar qurishni rejalashtirganmi?
Xurshida Ernazarova.