Samarqandda “smart avtobekat”lar o‘rnatiladimi?

O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev samarqandlik yoshlar bilan uchrashdi.

Tadbirda 150 nafarga yaqin yigit-qiz ishtirok etib, ularning 30 dan ziyodi o‘z muammo va takliflarini o‘rtaga tashladi.

- Bugungi uchrashuvda bir necha takliflar bilan agentlik direktoriga murojaat qildim, - deydi Samarqand shahrida yashovchi Abdulaziz Suyarov. – Avvalo, yoshlarni tadbirkorlikka tayyorlash, bunda zamonaviy uslublardan foydalanib o‘qitish bo‘yicha loyihalarni tashkil etish, o‘zim faoliyat olib borayotgan USAIDning Biznesni qo‘llab-quvvatlash loyihasi doirasida yosh tadbirkorlarga ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha takliflarni bildirdim. Shuningdek, xorijda o‘qib qaytgan yosh sifatida, yana bir taklif, ya’ni "Jadidlar" va "Uyg‘onish" kabi kitob to‘plamlarini chet tillariga o‘girib, chop ettirish lozimligini aytdim.

Bundan bir yil avvalgi ana shunday uchrashuvda yosh ijodkor Abbos Shodmonqulov tomonidan "Uyg‘onish" nomli kitob chop etilishi bo‘yicha moddiy yordam so‘ralgan edi. Bu murojaat inobatga olinib, samarqandlik iqtidorli yoshlarning ijodiy ishlari jamlangan to‘plam 500 nusxada chop etildi. Bugungi uchrashuvda aynan shu kitobning bir nusxasi Alisher Sa’dullayevga sovg‘a qilindi.

- Ayni paytda "Smart o‘rindiq" loyihasi ustida ishlayapman, - deydi Samarqand tumanida yashovchi Bobur Astanov. – Bu o‘rindiqlar qayta tiklanuvchi energiya manbai bilan ishlaydi. Namuna sifatida Payariq tumaniga o‘rnatganmiz. Xuddi shunday "Smart avtobekat"lar ham tayyorlanyapti. Bugun uchrashuvda ushbu loyihaning taqdimotini o‘tkazdim. Alisher Sa’dullayev bu tashabbusimni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini aytdi. Agar 200 million so‘mlik grant mablag‘i ajratiladigan bo‘lsa, buning evaziga ayrim hududlarda "Smart o‘rindiq" va “Smart avtobekat”lar o‘rnatishni rejalashtirganmiz.

Uchrashuvda yo‘llangan har bir murojaat alohida e’tiborga olinib, ijrosi o‘z vaqtida ta’minlanishi uchun mas’ullar biriktirildi.

Jo‘shqin Narzullayev,

Jasur Shomurodov (foto).