Bekatsiz «bekat»

Samarqand shahrida yo‘lovchilar yozning jazirama issig‘ida bekati yo‘q «bekat»da avtobus kutib turishga majbur bo‘lyapti.

Shahar ko‘chalarida yo‘l harakati ishtirokchilari uchun ancha qulayliklar yaratildi. Rudakiy va Bo‘stonsaroy ko‘chalari kesishmasida yer osti yo‘li bunyod etildi. Xuddi shunday sharoitni Gagarin va Mirzo Ulug‘bek ko‘chalari chorrahalarida ham ko‘rish mumkin. Bu yerda piyodalar uchun yo‘l ostidan o‘tish imkoniyati paydo bo‘ldi.

Bu avtotransport vositalarining tiqilinchsiz harakatlanishi va piyodalarning xavfsiz yurishi uchun yaxshi shart-sharoit bo‘ldi. Bunday qulayliklar avtotransport vositalarining haydovchilari va piyodalar tomonidan har kuni olqishlanmoqda.

Ammo ushbu kesishmaning Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi (shahar IIB binosi yaqinida)gi avtobekatda bekat qurilmasi yo‘q. Bu yerda Temir yo‘l vokzali, «Do‘stlik mahallasi», «Sartepa», «Hazora», «Suluv shaharchasi» kabi ko‘plab bekatlardan shaharning turli aholi manzillariga qarab harakatlanuvchi jamoat transporti vositalari (M-1, M-4, 6, 66, 52, 27 kabi yo‘nalishlari bo‘yicha) to‘xtab o‘tadi. Lekin yo‘lovchilar yozning jazirama issig‘ida bekatsiz «bekat»da o‘z transport vositalarini kutib turishga majbur bo‘lmoqdalar.

Samarqand shahrining qoq markazidagi bunday holatdan yo‘lovchilar, hatto chet eldan kelgan mehmonlar ham e’tiroz bildirganliklarining guvohi bo‘lganmiz.

Bu yerda yana bir muammo bor. Mirzo Ulug‘bek ko‘chasining bir tarafidan ikkinchi tarafiga o‘tish uchun qurilgan yerosti yo‘li chiqindilar tashlab ketiladigan joyga aylangan, hatto fuqarolar hojat chiqaradigan «manzil» bo‘lib qolganga o‘xshaydi. Ortiqcha qurilish materiallari ham tashlanadi. Zinalar va yer ostidan o‘tish yo‘li ifloslanib ketgan. Elektr yoritish vositalari ishlamaydi.

O‘ylaymizki, Samarqand shahar mutasaddilari ushbu muammolarga e’tibor qaratadilar.

Yo‘ldosh Suyunov,

mehnat faxriysi.