Avtoshohbekatlar aholi talabiga javob beradimi?

Bugungi kunda avtoshohbekatlarning ahvoli qanday, yo‘lovchilarga qanday shart-sharoit yaratilgan? Jamoat transportining shohbekatlarga kirib chiqishda tirbandlik, chipta sotishda muammolar bo‘lmayaptimi? Umuman, aholi ularning xizmatidan rozimi?

Ikki yil ilgari Samarqand shahridagi jamoat transporti harakatini tartib solish, yangi yo‘nalishlar tashkil etish, bekatlar qurish bilan birga, shahar atrofi va unga tutash hududlardan kirib kelayotgan yo‘lovchilarga qulay va xavfsiz bo‘lgan avtoshohbekatlarni tashkil etishga qaror qilingan edi.

Bu borada qator ishlar amalga oshirildi ham. Jumladan, Cho‘pon ota etaklarida Samarqand xalqaro shohbekati qurilishi davom etmoqda. Shu bilan birga shahar ichidagi Shohizinda, Siyob va Hazora avtoboshbekatlarini shahar tashqarisiga olib chiqib, tirbandliklarni oldini olishga qaror qilindi. Bu borada viloyat va Samarqand shahar hokimliklarining qarori chiqqan bo‘lsa-da biroq hali ishlar boshlangani yo‘q.

Xo‘sh bugungi kunda avtoshohbekatlarning ahvoli qanday, yo‘lovchilarga qanday shart-sharoit yaratilgan? Jamoat transportining shohbekatlarga kirib chiqishda tirbandlik, chipta sotishda muammolar bo‘lmayaptimi? Umuman, aholi ularning xizmatidan rozimi?

Tan olish kerak, yaqin oylargacha, Samarqand shahridagi Kaptarxona mahallasida joylashgan avtoshohbekat muammolar girdobida qolgan edi. Bekat hududini sotib olgan tadbirkor undan boshqa maqsadlarda foydalanishga qaror qilgach, Urgut va Toyloq tumanlaridan keluvchi yo‘lovchilar sarson bo‘la boshladi. Chunki, yangi rahbarlar avtoshohbekatni yopib qo‘yishgan edi. Nihoyat uch oydan so‘ng Samarqand shahar hokimligi tadbirkor A.Husainov bilan kelishgan holda, vaqtinchalik bo‘lsa-da “Kaptarxona avtoshohbekati” MChJni tuzib yana qaytadan ish boshladi. Kelishuvga ko‘ra, shaharning shu yo‘nalishidan shohbekat uchun boshqa yer ajratilib, qurilish ishlari olib borilishi zarur edi. Biroq bu ishlar to‘xtab qolgan shekilli, avtobuslar hamon Kaptarxonaga kelib yo‘lovchi olmoqda.

“Kaptarxona avtoshohbekati” MChJ vaqtinchalik bo‘lsa-da ishni tashkil etgan. Biroq bekatda ma’lumotxona yo‘qligi sababli mas’ul shaxslarni topib bo‘lmaydi. 5-6 nafar chekchi haydovchilardan pul terish bilan ovora. Avtobuslar to‘xtab turishi uchun mo‘ljallangan yo‘laklarni “Damas”lar egallab olgan. Bekat hududi oshxona, salqin ichimliklar bilan savdo qiluvchi do‘konlar bilan to‘la, har joyda chiqindilar to‘planib qolgan.

-  Mazkur shohbekat hududini boshqa maqsadda foydalanish uchun sotib olgan edik, - deydi “Kaptarxona avtoshohbekati” MChJ boshlig‘i o‘rinbosari Zarif Xo‘jamov. - O‘tgan yili shahar hokimligi bilan kelishgan holda jamoat transporti uchun yangi shohbekat bitguncha, shu yerdan foydalanib turishga qaror qildik. Chunki, Urgut va Toyloq tumanlari aholisi shu yerdan qatnashga o‘rganib qolgan. Shuning uchun yo‘lovchilar va avtobuslar uchun vaqtincha shohbekatni ishlatib turibmiz. Maydonga asfalt yotqizib, alohida belgilar o‘rnatdik. Avtobuslar uchun betondan maxsus yo‘laklar qildik. Shahar hokimligi va YHHBga bekat ro‘parasida yo‘l belgi va ko‘rsatkichlari o‘rnatib berishlarini so‘rab, murojat qilganmiz, biroq hali amalga oshirilmadi.

Bundan bir necha yil ilgari “Shohizinda” avtoshohbekatidan nafaqat Jomboy, Samarqand va Bulung‘ur tumanlariga, balki Jizzax viloyatiga ham avtobus va taksilar qatnar edi. Yo‘lovchilar uchun dam olish va kutish zallari bo‘lardi. Navbatchi dispetcherlardan avtobuslar qatnovi to‘g‘risida ma’lumotlarni olish mumkin edi.

Bugun bu yerda ahvol butunlay o‘zgarib ketgan. Shohbekat mashinalar qo‘yadigan maydonchaga aylanib qolibdi. Birorta na avtobus, na yo‘lovchi ko‘rinadi. Hamma joyni ulgurji savdo qiluvchi tadbirkorlar egallab olgan.

-  Ikki yildan buyon bu yerdan avtobus qatnamaydi,- deydi shu yerda savdo qiluvchi tadbirkorlardan biri. – Viloyat transport boshqarmasiga borib ijara uchun shartnoma qilib kelganmiz. Soliqlarini o‘z vaqtida to‘layapmiz. Shohbekat ma’muriyati qayerga ko‘chganini ham bilmaymiz.

Bulung‘ur va Jomboy tumanlariga qatnovchi yo‘lovchilar esa asosan Siyob bozoriga o‘tuvchi katta ko‘prik ostidagi bekatdan ketar ekan. Nafaqat yo‘nalishsiz taksilar, balki avtobus haydovchilari ham Rudakiy ko‘chasidagi qatnovga xalal qilgan holda baqirib-chiqirib odam olishadi.

-  Shohizinda avtovokzalidagi sharoit yomon emasdi, har holda avtobuslar navbat bilan qatnar, yo‘lovchilar ham ko‘p edi, - deydi Jomboyga qatnovchi avtobus haydovchilaridan biri. – Aytishlaricha, yo‘lovchilar u yerga bormasdan ko‘prik ostiga kelayotganligi sababli bekat yopilibdi. Haqiqatan ham bu yerda odam ko‘p bo‘ladi, aksari bozor qatnovchilar. Bizga yo‘lovchi ko‘p bo‘lsa ma’qul-da, kunlik tushumni o‘z vaqtida bajaramiz. Hozirda eski shohbekat hududi ijaraga berib yuborilibdi.

Samarqand shahridagi Hazora shohbekati kecha-kunduz gavjum bo‘lsa-da, sharoit yaratilmagan. Kuniga 40 ga yaqin avtobuslar kirib chiqayotgan avtostansiya hududi qarovsiz ahvolda. Asfaltning ayrim joylari o‘ydim-chuqur bo‘lib qolgan. Avtobus yo‘laklari va ariq yoqalarida chiqindi to‘planib qolgan. Bekat chetidagi chiqindixonaning badbo‘y hidiga chidab bo‘lmaydi. Sal shamol ko‘tarilsa, bas, nafas olib bo‘lmaydi. Shahar yo‘nalishlaridagi avtobuslar ham tartibsiz harakatlanmoqda. Haydovchilar belgilangan vaqtiga qaramasdan yo‘lga chiqishadi. Natijada ular o‘rtasidagi bahslar janjalga ham aylanib ketadi.

-  Har kuni Past Darg‘om tumanidan ishga qatnayman, - deydi Juma shaharchasida yashovchi Gulbahor Ermatova. – Hazora avtostansiyasi oldida tirbandliklardan o‘tib bo‘lmay qoladi. Ertalablari ishga kech qolyapmiz. Kechqurun ham shunday bo‘ladi. Nafaqat kirakash mashinalar, balki avtobuslar haydovchilari ham ko‘proq yo‘lovchi olish maqsadida yo‘lni yarmigacha berkitib qo‘yadi. Kamiga non sotuvchilar transport harakatiga xalal beradi. Bu yo‘lni tartibga solishning iloji yo‘q, shekilli.

Xo‘sh, shahrimizdagi bekatlarning ahvoli talabga javob beradimi? To‘g‘ri, 2-3 yildan buyon shahrimiz tashqarisidan yangi shohbekatlarni qurish haqidagi gap-so‘zlar yuribdi. Lekin, bu hozircha faqat gapligicha qolmoqda, amaliy ishlarga o‘tilgani yo‘q.

-  Shu paytgacha shahrimizdagi avtoshohbekatlarning ayrimlari nomigagina ishlab kelayotgan edi, - deydi viloyat transport boshqarmasi bosh mutaxassisi Otabek Rahimov. – Ularning o‘z holiga tashlab qo‘yilganligiga asosiy sabab Samarqand shahar bosh rejasiga kiritilgan o‘zgarishlar bo‘lsa kerak. Chunki Cho‘ponotadagi xalqaro avtovokzal ishga tushsa, Shohizinda bekati va Kaptarxonadagi bekatlar hududi tadbirkorlarga beriladi. Samarqand tumanidagi Chumchuqli qishlog‘i, Qarshi aylanma yo‘li hamda Motridda yangi avtoboshbekatlar uchun ajratilgan yer maydonlari auksion o‘tkazish uchun tayyorlanmoqda. Hazircha barcha avtoboshbekatlar jamoat transportini qabul qilib, aholiga saviyali xizmat ko‘rsatishlari lozim.          

P/S. Maqola chop etilishidan avval Samarqand shahar va viloyat transport boshqarmasi mutaxassislari tomonidan avtoshohbekatlarning ahvoli o‘rganib chiqildi. Ayni vaqtda Samarqand avtovokzali, Shohizinda, Xazora va Kaptarxona avtoshohbekatlarida obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Jumladan, Shohizinda avtovokzali yana o‘z faoliyatini boshladi. Avtoshohbekat ma’muriyati binosini egallab olgan savdo do‘konlari boshqa hududga ko‘chirildi. Avtobus yo‘laklari beton to‘siqlar bilan ajratilib, yo‘lovchilar uchun kutish zali, navbatchi dispetcherlik qismi, ona-bola, tibbiyot va dam olish xonalari ajratilib jihozlanmoqda. Xazorada ham obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Bitta avtobus yo‘lagi asfalt qilindi. Hojatxona va dispetcherlar xonasi ta’mirlanmoqda. Chiqindixona tozalandi.

Dilmurod TO‘XTAYeV.    

Baxtiyor MUSTANOV  olgan suratlar.