Yangi avtoboshbekatlarning qurilishi qachon boshlanadi?

Keyingi yillarda Samarqandni 1 million aholi yashovchi shaharga aylantirishga bo‘lgan harakatlar jadallik davom etmoqda. Shahar va shahar atrofida ko‘p qavatli uylar, xiyobon, istirohat bog‘lari, ta’lim va tibbiyot muassasalari bunyod etilyapti.

Biroq, ulkan shaharga kirib kelayotgan aholining shahar ko‘chalarida erkin harakatlanishi, ko‘zlagan manziliga ko‘p vaqt sarflamay yetib olishi uchun jamoat transporti xizmati sifatini oshirish lozim.

Prezidentimizning 2023 yil 16 fevraldagi “Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda viloyat hokimining qarori asosida jamoat transportida aholiga xizmat ko‘rsatishni yaxshilash, yo‘nalishlar tarmog‘ini kengaytirish, avtoboshbekatlar qurish, zamonaviy avtobuslar xarid qilish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

- Samarqand shahrining Cho‘ponota hududidagi Samarqand xalqaro avtoshohbekati yil oxirigacha ishga tushirilib, jamoat transportlarini qabul qilishni boshlaydi, - deydi viloyat transport boshqarmasi bosh mutaxassisi Bunyod Qo‘shoqov. – Urgut va Toyloq tumanlariga qatnovchi transport vositalari va yo‘lovchilar uchun Samarqand tumanining Chumchuqli mahallasi hududida, Oqdaryo, Payariq, Ishtixon, Qo‘shrabot tumanlari uchun O‘zbekkent mahallasida hamda tumandagi Parrandachilik mahallasi (Qarshi aylanma yo‘li) hududida, Kattaqo‘rg‘on, Nurobod tumanlaridan keluvchilar uchun Past Darg‘om tumanida avtoboshbekat qurilishi rejalashtirilgan edi. Biroq oradan ikki yildan ziyod vaqt o‘tayotgan bo‘lsa-da, bu boradagi ishlar boshlangani yo‘q. Ayrimlarida haligacha tender savdolari tashkil etilmagan bo‘lsa, ba’zisida ijaraga olingan yer maydonlari o‘lchab berilmagan.  

Samarqand tumanidagi O‘zbekkenti mahallasida (Motrid aylanma yo‘li) avtoboshbekat, logistika markazi, supermarket, muz saroyi, motel hamda bolalar maydonchasi va boshqa ob’yektlar uchun 11 gektar yer maydoni ajratilgan bo‘lib, “Urgut avto sentr” MChJ tomonidan bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Qurilish ob’yektida 10 dan ziyod maxsus texnika va 30 nafarga yaqin quruvchilar mehnat qilmoqda.

- Ayni vaqtda poydevor yotqizish ishlarini olib boryapmiz, - deydi qurilish korxonasi rahbari Jur’at Ismatov. – Bunyodkorlik ishlariga 406 milliard so‘m mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan. Bu borada Xitoy va Rossiya davlatlaridagi investorlar bilan hamkorlik o‘rnatganmiz. Joriy yil yakunigacha ular ajratgan 17 million AQSh dollari kelib tushadi. Majmuadan tashqari shu hududda 17 ta ko‘p qavatli uy-joy quriladi.

Chumchuqli mahallasida avtoboshbekat uchun ajratilgan qariyb 2 gektar maydon "Interagro zo‘r panel" MChJ tomonidan ijaraga olinib, sentyabr oyida qurilish ishlari boshlanishi kerak edi. Ammo turli bahonalar bilan ishlar ortga surilmoqda.

- Joriy yilning iyul oyida avtoboshbekat va avtoturargoh qurishga mo‘ljallangan yer maydoni uchun o‘tkazilgan elektron auksionda g‘olib chiqqan edik, - deydi "Interagro zo‘r panel" MChJ rahbari Xurshid Abbosov. – Biroq, shu paytgacha bu yerga egalik qilib kelgan korxona tomonidan paysalga solib, bizga maydon o‘lchab berilgani yo‘q. Agar ajratib berilsagina qurilishni boshlab yuboramiz. 

Samarqand tumanidagi Parrandachilik mahallasi (Qarshi aylanma yo‘li), “Ohalik bog‘lari” MChJ hududidagi ajratilgan maydonda ham “Parrandachilik” avtoboshbekati qurilishi boshlangan emas.

- Viloyat hokimining qarori bilan tumanimiz hududida uchta avtoboshbekat qurilishi ko‘zda tutilgan edi, - deydi Samarqand tumani hokimining qurilish va uy-joy kommunal masalalari bo‘yicha o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Tal’at G‘aybullayev. – “Universal proekt plus” MChJ tomonidan ishlab chiqilgan loyiha viloyat qurilish bosh boshqarmasi huzuridagi arxitektura va shaharsozlik kengashi tomonidan ma’qullangan. Hozirda tender tanlovlari o‘tkazilishi bilan ishlari boshlab yuboriladi.

- Ba’zi kunlari ko‘chaga odam sig‘may ketadi, - deydi Parrandachilik mahallasida yashovchi Latif Hamroyev. - Yo‘lovchilar chorrahada turib olib taksi to‘xtatishadi, bu holat boshqa transport vositalari harakatiga xalaqit beryapti. Agar bu yerda avtoboshbekat qurilsa, nafaqat Nurobod tumani, balki Qashqadaryo, Surxondaryo, Buxoro va Navoiy viloyatlariga ham avtobuslar qatnovini yo‘lga qo‘yish mumkin.

Viloyat transport boshqarmasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda turli yo‘nalishdagi 50 dan ziyod avtobus kirib o‘tadigan “Xazora” avtoboshbekati ham boshqa hududiga ko‘chirilishi belgilangan. Mazkur hududda aholi gavjumligi va yirik bozor joylashganligini e’tiborga olib, Samarqand shahrining Vatanparvar mahallasi hududida qurilishi ko‘zda tutilgan. Ayni vaqtda tabiiy gaz, elektr va aloqa kommunikatsiya tarmoqlarini ko‘chirish bo‘yicha tegishli tashkilotlardan xulosa olish masalalari hal etilmoqda. 

Bugun viloyatimiz jamoat transportida katta o‘zgarishlar bo‘lmoqda. Jumladan, xorijdan 100ga yaqin elektrobus keltirilyapti. Yo‘lovchi tashishda brutto shartnomasiga amal qilinmoqda. Eng muhimi, odamlar avtobuslarda harakatlanishni ma’qul ko‘rmoqda. Bu esa barcha qulayliklarga ega, zamonaviy avtoboshbekatlar zarurligini ko‘rsatib turibdi.

Dilmurod TO‘XTAYeV.