Bekatlarda avtobuslarning kelib-ketish jadvali ilinmagan

Viloyatda, xususan, Samarqand shahrida jamoat transporti xizmatini yaxshilash uchun amalga oshirilayotgan ishlardan ko‘z yuma olmaymiz. Yo‘llarni yaxshilash barobarida zamonaviy avtobuslar keltirilib, qulay marshrutlar yaratilganligi aholiga manzur bo‘layotir. Albatta, bu ezgu ish hali davom etadi.
Men bekatlar xususida to‘xtalmoqchiman. To‘g‘ri, ularning joylashishi, ko‘rinishi ham o‘zgardi. Zamonaviy avtobuslarga mos bekatlar paydo bo‘lyapti. Jamoat transporti masalalari muhokama etilayotganda albatta bu masala ham diqqat-e’tiborda bo‘layotir. Lekin hozirgi paytda avtobekatlar targ‘ibotchi rolini o‘tashi kerak, degan fikrdaman.
Masalan, bugun avtobekatlar turli reklamalar bilan «bezatilgan». Ularda hali avtobuslarning kelib-ketish jadvali qo‘yilmagan. Yangilari xarid qilinayotganligi uchun qatnov jadvalida o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin. Biroq har bir bekatda qaysi avtobusning to‘xtashi haqida ma’lumotlar yozilishi shart. Bekat devorlariga esa bu yerdan o‘tuvchi avtobuslar marshruti qo‘yilsa, undan ham yaxshi. Chunki mehmonlar o‘z harakat manzilini aniqlab, undan keyin belgilangan avtobusga chiqishadi.
Fozil ABDURAUPOV.