Qorong‘ulik ortidan yorug‘likka chiqqan Aziza – Vatanga qaytgan zamondoshimiz
Uning timsolida nafaqat chegaradan o‘tish bilan bog‘liq muammolarni, balki inson qalbidagi Vatanga bo‘lgan cheksiz muhabbatni ham ko‘rish mumkin.
Voqealar chegara oldidagi suhbatdan boshlanadi.
Gap Nurillo Abbosxon qalamiga mansub, rejissyor Shuhrat Sanaqulov tomonidan sahnalashtirilgan «Vatanga qaytish» spektakli haqida ketmoqda. Bu sahna asari O‘zbekiston Respublikasi Adliya va Madaniyat vazirliklari hamda viloyat madaniyat boshqarmasi hamkorligida Samarqand viloyati musiqali drama teatrida namoyish etildi.
Asarning «Vatanga qaytish» deb nomlanishi bejiz emas. Spektakl yaqinlari diydoridan uzoqda yashash, yurt sog‘inchi hamda hayotning mashaqqatli yo‘lini yengib o‘tib, nihoyat, orzusiga erishgan ayol taqdiri haqida. Asar qahramoni Aziza asli qirg‘izistonlik bo‘lib, muhabbat tufayli O‘zbekistonga kelin bo‘lib tushgan. Dastlab ota-onasi uning bu qarorini ma’qullamaydi. Biroq ularning o‘zlari ham asli o‘zbekistonlik bo‘lib, ish sabab Qirg‘izistonda qolib ketishgan edi. Qizlari orqali o‘zlari ham yurtiga qaytish imkoniga ega bo‘lishlari mumkinligini o‘ylab, oxir-oqibat uning tanloviga rozi bo‘lishadi.
Tohir va Aziza baxtli edi. Ammo bu baxtning bir kemtik joyi bor edi: Aziza o‘z yurtiga bemalol bora olmas, O‘zbekistonda yashab, kelin bo‘lib tushgan bo‘lsa-da, fuqarolik pasportini olish imkoniga ega emasdi. Sevimli insonidan erta ayrilishi esa uning hayotidagi eng og‘ir sinovlardan biri bo‘ldi.
Aziza farzandlari uchun yashashi, hayotning qiyinchiliklariga sabr qilishi kerak edi. U shunday ham qildi. Ammo hayot beshafqat — har qadamda yangi sinov. O‘z mablag‘iga uy sotib olib, unga egalik qila olmaslik, yaqinlarining xiyonati... Bularning barchasi og‘ir edi. Lekin otasini so‘nggi manzilga kuzata olmaslik oldida bu dardlar ham o‘zgacha ma’no kasb etardi.
Otasining vafotini eshitgan Aziza uning diydorini so‘nggi bor ko‘rish umidida yo‘lga otlanadi. Ammo aynan shu paytda chegara vaqtincha yopilgani sababli uyiga yetib borolmaydi.
Chegara to‘siqlari ortida qalbi nadomat va alamga to‘la ayol yig‘laydi. Qadrdon otasini so‘nggi bor ko‘ra olmagani, u bilan vidolasha olmagani Azizaning yuragini o‘rtaydi. Yaqinlari diydoriga bo‘lgan sog‘inch uning qalbini larzaga soladi. Chegara esa uni orzusi, umidi va eng aziz insoni bilan vidolashish imkonidan ayirgan to‘siqqa aylanadi.
Bu sahnalar teatr aktyorlari tomonidan yuksak mahorat bilan ijro etildi. Qahramonlarning iztirob va kechinmalari, quvonchu g‘amlari tomoshabinlar qalbiga ko‘chdi. Zalda o‘tirganlar go‘yo Aziza bilan birga dard chekdi, uning sog‘inch va alamlariga sherik bo‘ldi.
— Aziza Tohir akasi bilan vidolashganidan keyin har qanday sharoitda ham uch nafar farzandini voyaga yetkazishga, hayotning barcha qiyinchiliklarini yengib o‘tishga o‘zida kuch topgan ona timsolidir, — deydi aktrisa Shohsanam Rahimova. — Menga bu ayolning dardi begona emas. Uning qalbidagilarni his qilib, obrazni jonlantirishga harakat qildim. Chunki o‘zim ham boshqa viloyatdan Samarqandga kelin bo‘lib kelganman. Yaqinlar sog‘inchi, ota-ona diydori — hech narsaga almashtirib bo‘lmaydigan tuyg‘u. Ayniqsa, chegara oldida turib, otasini so‘nggi manzilga kuzata olmagan ayolning nadomati... Bilasizmi, spektaklni sahnalashtirish jarayonida Aziza bilan birga yashagandek bo‘ldim. Uning qalbidagi sog‘inch menga ham begona emas edi.
Spektakl tomoshabinlarning olqishiga sazovor bo‘ldi. Undagi voqealar hayotimizdan uzoq emas. Zero, asar qahramoni bugun oramizda yashayotgan, 20 yillik intizorlikdan so‘ng Adliya organlari xodimlari ko‘magida O‘zbekiston fuqarosi ekanini tasdiqlovchi pasportni qo‘liga olgan ayoldir.
Bugun chegaralardagi muammolar bartaraf etilgani, insonlarning o‘z yurti va yaqinlari bilan erkin bog‘lana olishi Aziza kabi taqdir egalari uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
Insonni yashashga, qiyinchiliklarga bardosh berishga undaydigan bir haqiqat bor: quyosh botganidan keyin yana tong otadi. Qorong‘ulik ortidan yorug‘lik, iztiroblar ortidan umid keladi. Aziza ham mana shu haqiqatlar bilan Vatanga qaytgan zamondoshimiz.
Nasiba JONTO‘RAYeVA