Qozog‘istonda ikki haftalik karantin joriy etiladi

5 iyuldan etiboran Qozog‘istonda uzaytirish ehtimoli bilan ikki haftalik karantin joriy etiladi. Bu haqda 2 iyul kuni mamlakat hukumati matbuot xizmati xabar berdi.

“Mamlakatda epidemiologik vaziyatning yomonlashgani va koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar soni oshganini hisobga olib, Qozog‘iston davlat komissiyasi 5 iyul sanasidan boshlab quyidagi transport qatnovi cheklov choralarini 14 kunga joriy etish qarorini qabul qildi: xalqaro avia aloqalar sonini kelgusida oshirmagan holda saqlab qolish, viloyatlararo avia aloqalarni saqlab qolish, temir yo‘l aloqalariga cheklov o‘rnatish, viloyatlararo yo‘lovchi avtobuslar qatnovini to‘xtatish, jamoat transporti faoliyati vaqtini qisqartirish”, deb xabar berilgan hukumat saytida. 

Shu bilan birga, sport va ommaviy, oilaviy tadbirlar o‘tkazilishi taqiqlanadi. Ochiq havoda sport mashg‘ulotlari o‘tkazishga ruxsat beriladi. Aholi harakatlanishiga cheklov qo‘yiladi. Jumladan, uch kishidan ortiq odam yig‘ilishi va 65 yoshdan katta fuqarolarga ko‘chaga chiqish ham taqiqlanadi.

Go‘zallik salonlari, sartaroshxonalar, fitnes zallari, suzish havzalari, oziq-ovqat va nooziq-ovqat yopiq bozorlari (oziq-ovqat do‘konlari va supermarketlardan tashqari), akvapark, madaniyat markazlari, muzey, forum, konferensiya va boshqa tashkiliy yig‘ilishlar o‘tkazilishi, maktabgacha ta’lim, diniy va boshqa ob’yektlar faoliyatiga taqiq qo‘yildi.

Ammo davlat tashkilotlarining 80 foizdan kam bo‘lmagan xodimlari uchun masofaviy ishlash usuli saqlab qolinadi.

Qozog‘iston hukumati rahbari Askar Mamin epidemiologik vaziyatning o‘zgarishiga qarab, yuqorida ko‘rsatilgan cheklovlar uzaytirilishi mumkinligini ham ta’kidladi.