Quruvchining haqi hokimlikdan olib beriladigan bo‘ldi

Past Darg‘om tumani adliya bo‘limiga «Ahmad madad qurilish baraka» xususiy ixtisoslashtirilgan ta’mirlash qurilish korxonasi direktori Sh.N. murojaat qilib, viloyat hokimligi «Yagona buyurtmachi xizmati» davlat unitar korxonasidan 443 million 644 ming 605 so‘m qarzdorlikni undirib berishda amaliy yordam so‘ragan.

Aniqlanishicha, murojaatchi va «Yagona buyurtmachi xizmati» DUK o‘rtasida 2020 yil 1 mayda Sirdaryo viloyati Oqoltin tumani Shodlik mahallasida joylashgan 6 ta uy-joyni mukammal ta’mirlash bo‘yicha 1 milliard 80 million so‘mlik pudrat shartnomasi imzolangan.

Pudratchi tomonidan shartnomada belgilangan barcha majburiyatlar o‘z vaqtida bajarilib, uy-joylarda qurilish ishlari to‘liq yakunlanib, 2020 yil iyun oyida foydalanishga topshirilgan.

Buyurtmachi tomonidan 348 million so‘m mablag‘ moliyalashtirilib, «Ahmad madad qurilish baraka» XITQKga o‘tkazib berilgan. Bundan tashqari, 2020 yil 5-, 16-, 17 sentyabr kunlardagi hisob fakturalarga asosan umumiy qiymati 112 million so‘mlik qurilish mollari berilgan.

Qurilish korxonasi bajarilgan ishlar yuzasidan 903 million 644 ming 605 so‘m fakturalar rasmiylashtirib, buyurtmachi Samarqand viloyat hokimligi «Yagona buyurtmachi xizmati» DUKga 2020 yilning iyun oyida topshirgan. Biroq buyurtmachi tomonidan fakturalarning 460 million so‘mlik bajarilgan ishlarga oid qismi qabul qilinib, qolgan 443 million 644 ming 605 so‘mlik qismini moliyalashtirishga mablag‘ yo‘qligi, mablag‘ ajratilgandan keyin qabul qilishi ma’lum qilingan.

Yuqoridagilarga asoslanib, tuman adliya bo‘limi tomonidan «Ahmad madad qurilish baraka» XITQK manfaatini ko‘zlab, viloyat hokimligi «Yagona buyurtmachi xizmati» DUKdan 443 million 644 ming 605 so‘m qarzdorlikni undirish yuzasidan Samarqand shahar iqtisodiy sudiga da’vo ariza kiritildi.

Sud tomonidan ushbu da’vo ariza qanoatlantirilib, tegishli hal qiluv qarori bilan qurilish korxonasi foydasiga viloyat hokimligi «Yagona buyurtmachi xizmati» DUKdan 443 million 644 ming 605 so‘m asosiy qarzdorlik hamda 66 million 646 ming 690 so‘m penya undirilishi ta’minlangan.