Qushlar ko‘chish payti qorong‘uda notanish joylarni qanday mo‘ljalga oladi?

Bu jumboq uzoq yillar olimlarni qiziqtirib kelardi. Yaqinda o‘tkazilgan tajriba bu savolga javob berdi. Aniqlanishicha, qushlar tom ma’noda Yer magnit maydonini ko‘rishar ekan. Magnit kuch chizig‘i bo‘yicha mo‘ljal olish uchun qushlarda ko‘rishga javob beruvchi miya qismi ishlaydi. Qushlarga balanddan nafaqat oddiy yashil maydonlar, balki Yer magnit maydoni ham yaqqol ko‘rinadi. Inson buni qurollanmagan ko‘z bilan ko‘rolmaydi.

Agar tadqiqotlarga ishoniladigan bo‘lsa, bunday qobiliyat ayrim kishilarda ham kuzatiladi. Badaniga temir jismlar – qoshiq, sanchqi, pichoq yopishib qolganlarni eshitgansiz. Magnit bilan davolash usullari ham mavjud va u magnitaterapiya deyiladi. Magnitaterapiya butun jahonda keng foydalaniladi. Ayniqsa, Xitoy, AQSh va Yaponiya mashhur. Ularda 10 million kishi magnitli ko‘rpadan foydalanishadi. 50 million kishi esa magnit bilakuzuk taqadi. Biroq hozirgi zamon tibbiyoti magnitning shifobaxsh kuchi haqida ishonchli ma’lumotlarga ega emas.

Magnitdan davolash maqsadida qadimdan foydalanib kelingan. Misr malikasi Kleopatra magnit munchoq taqib yurgan va bu yoshlik, go‘zallikni saqlaydi, deb ishongan.

Neyrofiziologlarning keyingi tadqiqotlarida inson miyasining turli qismlari bilan Yer magnit maydoni o‘rtasida chuqur bog‘liqlik borligi aniqlandi. Hozirda har qadamda “bugun o‘zimni juda yomon his qilyapman, bu magnit bo‘ronidan bo‘lsa kerak", degan nolishni eshitish mumkin. Bunda jon bor. Aniqlanishicha, quyosh-xromosfera chaqnog‘i kosmik kengliklarga ulkan magnit zarralarini tarqatadi. Yer magnit maydoni tartibsiz o‘zgaradi. Bu magnit bo‘roni sababidir.

Magnit maydonining inson organizmiga ta’siri qadim-qadimda ham ma’lum bo‘lgan. Magnitning shifobaxsh xususiyati haqida Arastu, Pliniy va Vilyam Gilbert yozib qoldirishgan. Hozirda magnit maydoni, eng avvalo asabga, endokrin va qon tomir tizimiga ta’sir etishi aniqlangan. Uning ta’sirida shartli va shartsiz reflekslar tormozlanadi, qon tarkibini o‘zgartiradi. Shunday ekan, bizni magnitli o‘zgarishlarga sezgisiz, deb bo‘lmaydi.

Keyingi paytlarda magnit bo‘roni faollashgani haqida qo‘rqituvchi xabarlar ko‘paymoqda. Go‘yo insoniyat katta-kichikdan tortib unga mahkum bo‘lar emish. Odamlarni shu tariqa qo‘rqituvchi manbalarga ishonilsa, tez orada zangori sayyorada infarkt va insultga chalinmagan kishi qolmaydi.

Ammo unday emas, deydi yapon kardiologi Nakagava. Hozirgi zamon turmush tarzi bilan bog‘liq holda Yer magnit maydonining insonga ta’siri asta-sekin zaiflashishi seziladi, magnit tanqisligi sindromi belgilari ko‘zga tashlanadi. Kayfiyat tushkunligi, charchoq, lanjlik, doimo uyqu bosish, yelka, bel va bo‘yinning zirqirab og‘rishi, sababsiz ko‘krakda og‘riq, bosh og‘rig‘i, ko‘ngil aynish, qorin dam bo‘lishi, umumiy holsizlik va hokazo. “Immunitet pasayishi va Yer magnit maydonining inson organizmiga ta’siri zaiflashishi o‘rtasida bog‘liqlik borligiga ishonchim komil”, deydi Nakagava. Ushbu bog‘liqlik juda ko‘p kasalliklar, jumladan, OITS, qand kasalligini sun’iy yaratilgan magnit maydoni bilan davolashda samarali, deb hisoblayman.

“Mir novostey” (2020 y, 33-son) asosida T.Murod tayyorladi.