Respublika ishchi guruhi Samarqanddagi sport ob’yektlari va sportchilar faoliyati bilan tanishdi

Sport vazirligi, Milliy Olimpiya va Paralimpiya qo‘mitalari rahbariyati hududlardagi sport infratuzilmasining hozirgi holatini o‘rganish maqsadida Samarqand viloyatiga tashrif buyurdi.

 Rasmiylarni viloyat hokimi Adiz Boboyev kutib oldi.

Ishchi guruh tashrifni Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qilishdan boshladi. Mehmonlar majmuada yaratilgan sharoitlar va amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishib, ulug‘ alloma merosini o‘rganishdi va yuksak ehtirom izhor etdi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi – Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori Mansurbek Olloyorov, Sport vaziri Adham Ikromov, Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov, Milliy Paralimpiya qo‘mitasi raisi Muxtorxon Toshxo‘jayev, Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari, Milliy Paralimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva Samarqand shahridagi O‘yin turlari va yengil atletika bo‘yicha ixtisoslashtirilgan sport maktabida bo‘lib o‘tayotgan “Besh tashabbus paralimpiadasi” sport musobaqalarining hududiy bosqichi jarayonlari bilan tanishdi.

Musobaqa doirasida Respublika ishchi guruhi vakillari sportning para badminton, para shaxmat, para stol tennisi, para yengil atletika turlari bo‘yicha bellashuv jarayonlari ko‘zdan kechirdi. Muassasaga tashrif doirasida para dzyudo bo‘yicha jahon chempionlari Uljanoy Amriyeva, Kemran Nurillayev va ularning murabbiylari bilan uchrashdi.

Shuningdek, Samarqand davlat pedagogika instituti ijtimoiy fanlar fakulteti, jismoniy madaniyat va sport kafedrasi sport zalida tashkil etilayotgan mashg‘ulotlar, majmuaning holati, yaratilgan imkoniyatlar hamda mashg‘ulotlar jarayoni o‘rganildi. Sport infratuzilmasini yanada rivojlantirish va samarali foydalanish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Tashrif davomida mas’ullar sportchi yoshlar bilan uchrashib, ularning yutuqlari, mashg‘ulot jarayonlari hamda kelgusidagi rejalari bilan qiziqdi. Yosh sportchilar, talabalarning o‘z salohiyatini to‘liq namoyon etish, yuqori natijalarga erishish yo‘lida qat’iyatli bo‘lish zarurligini ta’kidlashdi.

Respublika ishchi guruhi Ishtixon tumanida ham o‘rganish ishlarini amalga oshirdi. Xususan, tumanda aholi o‘rtasida ommaviy sportni keng targ‘ib etish hamda sport infratuzilmasini rivojlantirish, professional sportchilarni tayyorlash, iqtidorli sportchilarni seleksiya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rgandi.

O‘rganish jarayonlari davomida ishchi guruh vakillari joylarda yaratilgan shart-sharoitlar, mavjud sport infratuzilmasi, yosh sportchilarning mashg‘ulot jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar.

Shuningdek, sport maktabi shug‘ullanuvchilari uchun yuqori natijaga erishgan sportchilar Navbahor Hamidova, Nigina O‘ktamova ishtirokida mahorat darslari o‘tkazildi.

Respublika ishchi guruhi Samarqand shahridagi yakkakurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabi faoliyati bilan ham tanishdi.

Muassasada “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” sport musobaqalarining ikkinchi bosqichi — “Hokim Olimpiadasi" doirasida bo‘lib o‘tayotgan musobaqalarga e’tibor qaratildi. Musobaqa ishtirokchilari bilan suhbatda ularning mustaqillik bayrami arafasida o‘tkaziladigan "Prezident Olimpiadasi"da yuqori natijalarni qo‘lga kiritishlariga ishonch bildirildi.

Ishchi guruh Samarqand shahridagi 2-son sport maktabida sportning badiiy gimnastika, shaxmat turlari bo‘yicha tashkil etilayotgan mashg‘ulotlarni ham o‘rgandi. O‘rganish jarayonlarida viloyat hokimi Adiz Boboyev ishtirok etdi.

Yaqinda mukammal ta’mirlanib, foydalanishga topshirilgan og‘ir atletika zali sportchilar uchun yanada qulaylik yaratib, professional sportchilarni tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Tashrif doirasida shaxmat bo‘yicha jahon chempioni Afro‘za Hamdamova hamda og‘ir atletika bo‘yicha jahon chempioni Sharofiddin Amriddinov tomonidan yosh va umidli sportchilar uchun mahorat darslari tashkil etildi.