Respublika teatr san’ati fidoyilari Samarqandda taqdirlandi
Samarqand shahridagi “Nurafshon” san’at saroyida 27 mart - Xalqaro teatr kuni munosabati bilan bir guruh fidoyi ijodkorlarni taqdirlash va “Teatr tomoshalari haftaligi”ning tantanali yopilish marosimiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda Bosh vazir o‘rinbosari Bekzod Musayev, Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, viloyat hokimi Erkinjon Turdimov hamda respublikadagi davlat teatrlarining rahbarlari, ustoz san’atkorlar ishtirok etdi.
Kuni kecha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 27 mart –Xalqaro teatr kuni munosabati bilan soha xodimlariga yo‘llagan tabrigini Bosh vazir o‘rinbosari o‘qib eshittirdi.
- Bugun O‘zbekiston tarixida birinchi marta Prezidentimiz tomonidan teatr xodimlariga tabrik yo‘llandi, - dedi Madaniyat vaziri O.Nazarbekov. – Uning har bir satrida teatr sohasi xodimlariga bo‘lgan alohida mehr, hurmat va e’tibor, ishonch sezilib turibdi. Chunki bu dargohda haqiqiy fidoyilar faoliyat yuritadi. Qaysi bir teatr xodimiga savol bermang, ular teatrni yaxshi ko‘raman, degan javobni beradi.
2021 yil “Teatr tomoshalari haftaligi” doirasida respublikamizning barcha teatrlarida eng sara spektakllar tomoshabinlarga bepul namoyish qilingani bilan e’tiborli. Haftalik doirasida teatr ko‘rgazmalari, tajribali rejissyor, dramaturg hamda aktyorlar bilan ijodiy uchrashuvlar tashkil etildi. Yildan yilga tomoshabinlar sonining ortishi, ular orasida chet ellik mehmonlarning ham borligi teatr san’atiga bo‘lgan e’tiborning namunasidir.
- Biz, ijodkorlar uchun bugun unutilmas kun bo‘ldi, - dedi O‘zbekiston xalq artisti, O‘zbekiston Milliy akademik drama teatri rahbari Yodgor Sa’diyev. – 27 mart sanasi 100 dan ortiq davlatlarda nishonlanadi. Bu yildan barcha teatr xodimlari bir maskanda jam bo‘lib, bu kunni bayram qilmoqdamiz. Mustaqilligimizning 30 yilligi munosabati bilan viloyatlarga gastrol safarlari uyushtirdik. Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlarida bo‘lib, 42 tadan ortiq spektakl namoyish etdik. Tomoshabinlarning nigohida teatrni sog‘inganliklarini his qildik. Bu bizga shijoat, ijodiy quvvat bag‘ishlaydi. Bugungi yoshlarimizga doim bir gapni aytaman, teatrda ishlash kerak emas, unga xizmat qilish kerak. Shundagina tomoshabin xursand bo‘ladi.
Tantanali marosimda davlat teatrlarida uzoq yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan zahmatkash teatr san’atining bir guruh ijodkorlari Madaniyat vazirligining faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
- Teatr jonli ijro. Sahnada tomoshabin bilan jonli muloqotni his qilib turishning o‘zi bir mas’uliyat, - deydi Xorazm viloyat drama teatri direktori Dinara Ibragimova. – Har bir teatr xodimi zimmasida mana shunday mas’uliyat bor. Bugun teatr jamoamiz Mustaqilligimizning 30 yilligiga bag‘ishlangan “Eng yaxshi ko‘rgazma” nominatsiyasida g‘olib bo‘lganligi bizni quvontirdi. Rag‘bat bizlarga yanada kuch berib ishlashga undaydi, yangi asarlar yaralishiga turtki beradi. Hozirda jamoamiz koronavirus kasalligini yengishda jasorat ko‘rsatgan soha xodimlariga bag‘ishlangan spektakl ustida ish olib boryapti. Nasib bo‘lsa, tomoshabinlarga bir-biridan mazmunli va ajoyib spektakllarni namoyish etishga harakat qilamiz.
Tadbir so‘ngida viloyat hokimi E.Turdimov Madaniyat vazirligining “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.