O‘zbekiston-Turkiya o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalar Samarqandda muhokama qilindi
Samarqand shahrida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida madaniyat sohasidagi qo‘shma komissiyasining ilk yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda Madaniyat vaziri o‘rinbosari Murodjon Majidov, bir guruh soha mas’ullari hamda Turkiya Respublikasi madaniyat va turizm vaziri o‘rinbosari Batuhan Mumku boshchiligidagi delegatsiya a’zolari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda kino, teatr va sirk, ijodiy va amaliy san’at, madaniy meros va muzeyshunoslik, madaniy taraqqiyotni ilgari surish, moddiy va nomoddiy madaniy meros ob’yektlarini asrab-avaylash uchun zamonaviy texnologiyalarni, shu jumladan, sun’iy intellektni integratsiyalash sohasida hamkorlik, xalqaro tashkilotlar doirasida bir-birining madaniyat sohasida taklif etilayotgan tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda tajriba almashish bo‘yicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
- 2018 yil Turkiya Respublikasi Prezidentining O‘zbekistonga tashrifi doirasida imzolangan madaniy aloqalarni rivojlantirish bitimi o‘tgan davr mobaynida ikki mamlakat o‘rtasida hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqdi, - deydi Turkiya Respublikasi madaniyat va turizm vaziri o‘rinbosari Batuhan Mumku. - Bugungi yig‘ilishda ham ikki mamlakatda madaniyat va milliy kino kunlari, teatr haftaliklarini tashkil etish, hamkorlikda film va sahna asarlari yaratish hamda YuNESKO, AYSESKO, TURKSOY va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda madaniy tashabbuslarni targ‘ib qilish borasida kelishuvga erishdik. O‘ylaymizki, bu ishlar ikki mamlakatning madaniy-gumanitar sohadagi hamkorligi uzoq vaqt davom etishini ta’minlaydi.
Yig‘ilish yakunida ikki davlatning madaniyat sohasidagi qo‘shma komissiya ahdlashuv bayoni imzolanib, O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida madaniyat sohasida II qo‘shma komissiyasi yig‘ilishini 2025 yilda Turkiyada o‘tkazishga kelishib olindi.