2022 yil sarhisobi: O‘zbekistonning madaniyat sohasidagi yutuqlari qanday?
Parij shahridagi jahonga mashhur Luvr muzeyida ilk bor O‘zbekiston merosiga bag‘ishlangan ko‘rgazma ochilgani sohada yil yangiligi bo‘ldi, deyish mumkin.
Ko‘rgazma Buyuk Ipak yo‘li tarixi haqida hikoya qiladi va ikki ming yildan ortiq vaqtni qamrab oladi. Ko‘rgazmadan 168 ta muzey eksponati, xususan, O‘zbekistonning 13 ta muzeyidan 137 ta, shuningdek, dunyoning yetakchi muzeylaridan 31 ta eng qimmatli eksponatlar taqdim etildi, ularning aksariyati birinchi marta namoyish etilmoqda.
shuningdek, 2022 yilda YuNESKOning Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga “Ipakchilik va to‘quv uchun an’anaviy ipak ishlab chiqarish” hamda “Xo‘ja Nasriddin haqidagi latifalarni takrorlash an’analari” kiritildi.
10 ta yangi muzey tashkil etildi va 930 ta yangi muzey ekspozitsiya yaratildi. “Milliy merosga mening hissam!” umumxalq aksiyasi joriy etildi va muzeylar fondlari mingdan ortiq yangi noyob muzey ashyolari bilan boyitildi.
70 ta madaniy meros ob’yektida restavratsiya-tiklash ishlari bajarildi. Xiva restavratsiya maktabi va Buxoro arxeologiya maktabi tashkil etildi. Buxoro shahridagi 7 ta yodgorlik Butunjahon islom olami durdonalari ro‘yxatiga kiritildi.
39 ta teatrda 304 ta spektakl namoyish etilib, 73,4 ming nafardan ziyod aholiga bepul xizmat ko‘rsatildi. Xoreografiya o‘quv teatri, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri huzurida Vokal akademiyasi hamda opera va balet asarlarini yaratish ijodiy ustaxonasi tuzildi.
Milliy opera va balet san’ati yo‘nalishida 12 nafar malakali ijodkorlar – O‘zbekiston xalq artistlari va O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlarning “Mahorat maktablari” faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Respublikadagi 832 ta madaniyat markazi 3 turdagi (rubob, tanbur, doira) 2,5 mingta musiqa cholg‘ulari, 9 mingta yangi metodik qo‘llanma bilan ta’minlandi. Ular tomonidan 4,5 mingta tadbirlar tashkil etildi va to‘garaklar soni 4 100 taga yetkazildi.
Hududlarda “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida madaniyat karvoni tadbirlari o‘tkazildi, 98 ta madaniyat kunlari tashkil qilindi. Sirk va teatr jamoalari tomonidan 150 ta gastrol safari uyushtirildi. Xalqaro miqyosdagi “Toshkent bahori”, “Lazgi”, “Boysun bahori”, “Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik” hamda “Gullar bayrami” festivallari, XV MDH ilmiy va ijodiy ziyolilari forumi o‘tkazildi.