O‘zbekistonda tasvirga olingan Indiana Jons ishtirokidagi film yuzasidan Turizm va sport vazirligi munosabat bildirdi

Oldinroq mazkur filmda Amir Temur shaxsi yovuz tarzda talqin etilgani jamoatchilik vakillarining e’tiroziga sabab bo‘lgandi.

Turizm va sport vazirligi mazkur film tashabbuskori emasligini bildirmoqda.

“Ijtimoiy tarmoqlarda Indiana Jons ishtirokida O‘zbekistonda tasvirga olingan videorolik keng tarqalib, ba’zi blogerlar bunga “Turizm va sport vazirligi tashabbusi bilan” deya izoh bermoqda.

Birinchidan, ushbu videorolik Turizm va sport vazirligi tashabbusi bilan tasvirga olinmagan, mualliflar bilan bu bo‘yicha hech qanday kelishuv ham bo‘lmagan.

Ikkinchidan, vazirlik videorolik avvalida Sohibqiron Amir Temur haqida aytilgan fikrlarga xayrixoh emas. Shunday bo‘lsa-da, qayd etish joizki, videoroliklarda tomoshabinning e’tiborini jalb qilish uchun ham “badiiy to‘qima” qo‘llanilgan bo‘lishi mumkin, bu auditoriyani jalb qilish maqsadida tez-tez ishlatiladigan uslubdir.

Videorolikning o‘zini umumiy oladigan bo‘lsak, bu kabi videolar mamlakatimizning turistik salohiyatini targ‘ib qilishda ijobiy xizmat qiladi.

Shunday ekan, OAV vakillari va blogerlardan odamlarni chalg‘ituvchi haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni tarqatmaslikka, savol tug‘ilgan taqdirda vazirlik matbuot xizmatiga murojaat qilib aniqlik kiritishga chorlab qolamiz.

Shu o‘rinda mazkur videorolik bo‘yicha savollar bilan rolik mualliflariga murojaat qilishingiz maqsadga muvofiq bo‘lishini ta’kidlagan holda, Turizm va sport vazirligi sohani rivojlantirish yo‘lida xizmat qiluvchi qiziqarli tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini ma’lum qilamiz”, deyiladi vazirlik munosabatida.

P/s: Mazkur film anonsi ostidagi izohlardan shuni bilish mumkinmi qator mamlakatlar kino sanoati vakillari yurtimiz haqida iliq fikrga ega. Jumladan, izohlarda turli mamlakat vakillari kinoda aks etgan tasvirlarga asoslanib, O‘zbekistonda ko‘plab filmlar olishga qiziqish bildirmoqda. Foydalanuvchilardan biri shunday fikr qoldirgan: “Qanday ajoyib sehrli mamlakat, bu yer yana ko‘plab filmlar olishga arziydi”.