Tarixiy filmlar yo‘nalishida yangi “planka” paydo bo‘lgan ko‘rinadi — “Bahodir Yalangto‘sh” filmini ko‘rib
Birinchi xulosa shuki, nihoyat bizda tarixiy filmlar yo‘nalishida tajribalar bosqichi tugab, haqiqiy filmlarni suratga olish bosqichi boshlanibdi. Har holda, “Bahodir Yalangto‘sh” haqiqiy to‘laqonli, qiziqarli va ta’sirli tarixiy film.
Premeradan keyin ko‘chadagi suhbatimizda rejissyor Ayub Shahobiddinov “O‘zbek kinosi yaxshi bir asar bilan boyidi” dedi. Bu Ustaning bahosi. Men bir oddiy tomoshabin sifatida aytishim mumkinki, nazarimda, kinomizda tarixiy filmlar yo‘nalishida yangi “planka” paydo bo‘ldi, endi boshqalar shunga intilishi kerak. Hech nima birdaniga bo‘lmaydi, tajriba, qayta-qayta urinishlar orqali yaxshi filmlarga qarab o‘siladi.
Endi bevosita kartinada nima yoqqani haqida.
Birinchidan, tarixiy filmlarga xos keng miqyos, epiklik, ta’sirchanlik va ko‘rimlilik bor. Katta ekranda ko‘rganimizga balki bu ta’sir yanada kuchliroq bo‘ldi. Qorong‘uda, yomg‘irli, loyli va shiddatli janglar, mahobatli saroylar, qimmatbaho kostyumlar, soch turmaklari, ommaviy sahnalar ekrandan oldingizgacha chiqib kelgandek bo‘ladi.
Ikkinchidan, aktyorlar. Juda chiroyli vizuallik borki, yangi qiyofalar u yoqda tursin, tanish va sevimli aktyorlar ham yangicha ko‘rinadi. Qog‘og‘istonda jalb qilingan aktrisa – TOP! Yana Bahodir Yalangto‘shning o‘g‘li Boybek obrazini yaratgan akter qiyofasi bo‘rtiqlik, joziba va hissiylik jihatidan uncha-buncha turk kinoyolduzlaridan afzal ko‘rindi.
Uchinchidan, ssenariy. Ssenariy mualliflari Hasan Toshxo‘jayev va Jahongir Ahmedov bitta yo‘llik syujetdan ham keng miqyosli qiziqarli film qila olishgan. Keyinroq tarixiy filmlarimiz epik janr talablariga ko‘ra ko‘p yo‘llik syujet tipida ham namoyon bo‘lishiga umid qilamiz. Lekin bu muhimmas. Muhimi, 2 soatu 20 daqiqa zaldan hech kim chiqib ketmagani, turli epizodlar qarsaklar bilan kutib olingani. Ayniqsa, dialoglarni alohida ta’kidlash lozim. Men odatdagi tarixiy filmlarimizdagi arxaizmlarga to‘la uzun va hissiz jumlalarni kutgandim. Balki shungami, ko‘p o‘rinlarda qisqa, zarbali, aforizmsifat o‘tkir gaplar yoqimli syurpriz bo‘ldi.
To‘rtinchidan, eng asosiysi – film g‘oyasi. Yaxshigina jangnoma va siyosatnoma bo‘libdi. Ikkita asosiy g‘oyani ta’kidlamoqchiman.
Birinchisi, saroyda doim fitnalar bo‘lgan. Taxtga qanchalik yaqinlashganing sayin fitnalar shunchalik jiddiy. Bunda sadoqat taqchil, og‘a-inilik ham bekor. Eng oliy mansabdagi odamning do‘sti ham juda kam bo‘lar ekan. Faqat adolatli siyosat yuritsa, hukmdorga xalq do‘st bo‘lishi mumkin, vaqti kelsa, siyosiy fitnalardan ham faqat xalq qutqara oladi, agar hukmdor odil va xalqparvar bo‘lsa.
Ikkinchi mujda – ichki dushmanlar. Ashtarxoniylarni mag‘lub qilgan asosiy dushman jung‘orlar emas, balki ichki bo‘linish. Hamjihatlik yo‘qligi uchun sulola sindi. Bizga katta saboq bo‘lishi kerakki, adolat va hamjihatlik bo‘lmasa, davlatchilikka putur yetadi. O‘zimizning do‘stimiz ham, dushmanimiz ham o‘zimiz!
Albatta, mutaxassislar yo boshqa tomoshabinlar kamchiliklarni aytishsa kerak, ular bo‘lsa ham kerak har qanday ishda bo‘lgani kabi. Kimdir “Richard Sheryurak” darajasida nimadir kutayotgan bo‘lsa, hafsalasi pir bo‘lishi ham mumkin. Lekin bu muhimmas. Odamlar “Bahodir Yalangto‘sh”ni ko‘rishsin, u aytayotgan asosiy gapni anglashsin – muhimi shu.
Shaxsan menga film juda yoqdi!
Kinochilarimizdan esa boshqa buyuklarimiz haqida yana kamida shunday, balki bundan-da yuqori filmlarni kutamiz endi. Bu boshlanishi bo‘lsin!
Shahnoza Soatova, jamoatchilik faoli, Toshkent.