Minskda ilk bor O‘zbek kinosi kunlari o‘tkazildi

10 sentyabr kuni Belarus poytaxtida boshlangan O‘zbek kinosi kunlari nihoyasiga yetdi. Ilk marta o‘tkazilgan kinomarafon O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlandi. Barcha filmlar bepul namoyish etildi.

Juma kuni tomoshabinlar e’tiboriga Ikkinchi jahon urushi davridagi real voqealarga asoslangan "Ezgu film" kinostudiyasida, rejissyor Jahongir Ahmedov tomonidan suratga olingan «Ilhaq» filmi namoyish etildi. Filmning bosh qahramoni - besh o‘g‘ilni yolg‘iz tarbiyalagan, ularni  urushda yo‘qotgan ona Zulfiya Zokirova. Filmda jasorat, kuch, sadoqat va metin iroda mavzusi ko‘tarilgan. Ssenariy mualliflari Hasan Toshxo‘jayev va Jahongir Ahmedov. Film prodyuseri Zafar Yo‘ldoshev.

11 sentyabr kuni Jahongir Ahmedovning yana bir filmi - Jo‘rabek Ro‘zmetov ssenariysi asosida suratga olingan «Islomxo‘ja» badiiy filmi belarus tomoshabinlariga taqdim etildi. Ushbu kinolenta Xiva xonligi vaziri Islomxo‘ja hayotiga bag‘ishlangan. Mazkur kinoasarning prodyuseri ham Zafar Yo‘ldoshev.

Yakshanba kuni  buyuk o‘zbek kinorejissyori Shuhrat Abbosovning «Sen yetim emassan» filmi namoyish etildi. Unda Ikkinchi jahon urushi yillarida turli millatga mansub 14 nafar yetim bolani asrab, tarbiyalagan temirchi Shoahmad Shomahmudov oilasi haqida hikoya qilinadi.