24 yildan so‘ng qayta tiklangan Toshkent kinofestivaliga xorijdan 355 nafar kinoyulduzlar taklif etiladi

Prezidentimizning “Toshkent xalqaro kinofestivalini qayta tiklash va o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinishi kino sohasini rivojlantirish, xorijlik kinoustalari va yurtimiz kinoijodkorlari bilan o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, eng sara kinolarni yurtdoshlarimizga taqdim etish, kino sohasini yanada rivojlantirishda muhim qadam bo‘ldi. Mazkur kinofestival har yili 28 sentyabr – 3 oktyabr kunlari “Ipak yo‘li durdonasi” nomi bilan O‘zbekiston Kinematografiya agentligi tomonidan o‘tkaziladi.

Dastlab kinofestival “Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi xalqaro kinofestivali” deb nomlanib, 1968–1997 yillar may oyi oxiri – iyun oyi boshida davlat kinematografiya qo‘mitasi va kinoarboblar uyushmasi tomonidan tashkil etilgan.

Qariyb 24 yildan buyon o‘tkazilmay kelingan kinofestival faoliyatining qayta yo‘lga qo‘yilishi madaniy hayotimizda muhim rol o‘ynaydi. Chunki kinofestival dunyo mamlakatlari o‘rtasida madaniyatlararo muloqotni yanada mustahkamlash, jahon kinoindustriyasi bilan hamkorlikda qo‘shma kino loyihalarini yaratish, insonparvarlik va bag‘rikenglik, xalqlar do‘stligini targ‘ib qilish, zamonaviy dunyoning eng sara kino san’ati asarlarini yurtimizga jalb qilishda muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, milliy kinosan’atimizning xalqaro hamjamiyatdagi nufuzini oshirish, xalqimizning tarixi va boy madaniyatini dunyoga targ‘ib qilish borasidagi amaliy ishlarning rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Kinofestival arafasida chet davlatlarda o‘zbek kino san’ati kunlarini o‘tkazish esa milliy kino san’atimizning sara durdonalarini xorijda namoyish qilish imkonini beradi.

Shuningdek, festival doirasida konferensiyalar, master-klasslar, brifinglar, kino sohasiga bog‘liq davra suhbatlari o‘tkazilishi belgilangan. Joriy yil o‘tkazilishi kutilayotgan kinofestivalda xorijdan 355 nafar (ularning 55 nafari taniqli kinoyulduzlar) ishtirokchi taklif qilinishi rejalashtirilgan. Ularning yurtimizga tashrifi xalqaro kinoijodkorlar bilan milliy kino san’atimiz fidoyilari o‘rtasida do‘stona aloqalarni yanada yaxshilashga bo‘lgan ulkan qadam.