Rossiyalik rejissyor Toshkentda "Mister nokaut" filmini suratga olmoqda. Bosh rollardan birini Sergey Bezrukov ijro etadi

Rossiyalik rejissyor Artyom Mixalkov “Mister nokaut” nomli sport dramasini suratga olish uchun O‘zbekistonga tashrif keldi. Olimpiya o‘yinlari chempioni Valeriy Popenchenko haqidagi filmda bosh rolni Viktor Xorinyak, uning murabbiyi Grigoriy Kusikyans rolini Sergey Bezrukov ijro etadi. Film Toshkent, Chirchiq, Yangiobod va Chorbog‘da suratga olinadi. Hozirda filmda ishtirok etadigan o‘zbek aktyorlarining kastingi davom etmoqda.

"O‘zbekkino" milliy agentligi "Mister nokaut" filmini suratga olish ishlariga yaqindan yordam bermoqda. Shu munosabat bilan Artyom Mixalkov "O‘zbekkino"da bo‘lib, kinoasarni yaratishga doir hamda keyingi hamkorlikdagi loyihalar to‘g‘risida fikr almashdi.

- Har galgi xizmat safarim davomida o‘zbek kino san’atining rivojlanish jarayonlarini diqqat bilan kuzataman, - dedi rossiyalik rejissyor. - Bu yil bir guruh iqtidorli o‘zbek yoshlari Butunrossiya kinematografiya davlat instituti (VGIK)da o‘qishga otlangani quvonarli hol. Chunki har doim yetuk mutaxassislar kerak va bu har qanday kino ijodkorlari uchun muhim masala. Biz professionallarga ishonishimiz, pirovardida professional yoshlarni tarbiyalashimiz kerak.

"Mister nokaut" filmi taniqli sovet bokschisi, 1964 yilda Tokioda bo‘lib o‘tgan Olimpiya o‘yinlari g‘olibi, ikki karra Yevropa chempioni, SSSRning olti karra chempioni va Olimpiya o‘yinlarining texnik bokschisiga beriladigan “Val Barker kubogi”ning yagona sohibi Valeriy Popenchenkoning taqdiri haqidagi biografik dramadir. Bo‘lg‘usi Olimpiya chempionining yoshlik davri urushdan keyingi yillarda Toshkentdagi Suvorov bilim yurtida o‘tadi. Mashhur sportchining tarjimai holidagi aynan shu tafsilot filmni O‘zbekistonda suratga olish uchun omil bo‘ldi.

Rossiyalik rejissyor Toshkentda "Mister nokaut" filmini suratga olmoqda. Bosh rollardan birini Sergey Bezrukov ijro etadi