“Samarqand festivallar direksiyasi” tashkil etiladi
Bu sohadagi muammolarga yechim bo‘la oladimi?
Viloyatda tashkil etilayotgan madaniy tadbirlar va konsert dasturlari ko‘paydi, lekin ularning saviyasi-chi? Tizimda kadrlar bilan bog‘liq muammolar bor, mavjud 80 ta madaniyat markazidan 62 tasi o‘z binosiga ega bo‘lsa, 18 tasida bino yo‘q.
Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatda 138 ta madaniyat va san’at muassasasi bo‘lib, ularda 3900 nafardan ziyod boshqaruv, ijodiy va texnik xodim ishlaydi. Bu yil viloyatda tashkil qilingan 2500 dan ziyod madaniy tadbir va konsert dasturlariga qariyb 692 ming aholi qamrab olingan, 4 ta davlat teatri tomonidan namoyish etilgan spektakllarga 395 ming nafar tomoshabin jalb qilingan.
- 2024 yil viloyatda, asosan, yangi loyihalar doirasida xalqaro tadbirlar ko‘p o‘tkazildi, - deydi viloyat madaniyat boshqarmasi boshlig‘i Orif Hayitov. – Jumladan, “Madaniyat karvoni”, xalq havaskorlik jamoalari ishtirokida “Xalq ijodiyoti karvoni”, “Madaniyat kunlari” loyihalari asosida viloyatning barcha hududlarida taniqli san’atkor va aktyorlar tomonidan ko‘ngilochar tadbirlar, konsertlar tashkil etildi. Samarqand shahri “MDHning madaniyat poytaxti” maqomida bo‘lgani uchun yil davomida MDH mamlakatlari xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik va yaqin hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi. Madaniyat va san’at namoyandalarining qadimiy kentga sayohatlari, ular ishtirokida ijodiy kechalar uyushtirildi. Shu bilan birga, uzoq yillik tanaffusdan keyin an’anaviy “Sharq taronalari” XIII Xalqaro musiqa festivali o‘tkazildi.
Namunali madaniyat markazlari yil oxirigacha foydalanishga topshiriladimi?
Davlat rahbari topshirig‘iga ko‘ra, bu yil viloyatdagi har bir tuman va shaharda bittadan namunali madaniyat markazini qurish va ta’mirlash, shuningdek, viloyatda tasdiqlangan reja asosida 16 ta madaniyat markazi ta’mirlanishi kerak edi.
- 2023 yil 22 dekabr kuni Prezidentimiz rahbarligida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida joriy yilning 1 noyabriga qadar har bir tuman va shahardagi madaniyat markazlari faoliyatini samarali tashkil qilish maqsadida konsert tomosha zali, kutubxona, kinozal va to‘garak xonalari bo‘lgan bittadan namunali madaniyat markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish topshirig‘i berilgan edi, - deydi O.Hayitov. – Mazkur topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida 16 ta madaniyat markazini ta’mirlash belgilangan bo‘lib, bugungi kunga qadar 9 ta Samarqand shahar (5-son), Kattaqo‘rg‘on shahar (8-son), Bulung‘ur (12-son), Oqdaryo (43-son), Payariq (48-son), Past Darg‘om (55-son), Paxtachi (62-son), Samarqand (67-son) va Urgut (76-son) tumanlaridagi madaniyat markazlarida qurilish va ta’mirlash ishlari olib borilib, foydalanishga topshirildi.
Ayni paytda Jomboy (16-son), Ishtixon (24-son), Kattaqo‘rg‘on (26-son), Qo‘shrabot (31-son), Narpay (37-son), Toyloq (72-son) tumanlarida madaniyat markazlarini qurish va ta’mirlash ishlari belgilangan vaqtda topshirilmagan bo‘lsa, Nurobod tumani hokimligi tomonidan madaniyat markazi uchun endi mablag‘ ajratilib, hozirda loyiha taklif va smeta hujjatlarini tayyorlash ishlari olib borilmoqda.
Viloyatda tasdiqlangan rejaga ko‘ra, 5 ta (Bulung‘ur tumanidagi 11-son, Ishtixon tumanidagi 21-son, Past Darg‘om tumanidagi 56- va 58-son, Toyloq tumanidagi 74-son) madaniyat markazlarining binolari davlat-xususiy sheriklik asosida qayta tashkil etishga berilgan bo‘lib, Past Darg‘om va Toyloq tumanlaridagi madaniyat markazlarining binolari qayta ta’mirlanib, foydalanishga topshirildi. Urgut tumanidagi 75 va 77-son madaniyat markazlarining binolari homiylar yordamida ta’mirlangan bo‘lsa, Bulung‘ur tumanidagi 11-son, Ishtixon tumanidagi 21-son madaniyat markazlarida ta’mirlash ishlari hamda Qo‘shrabot tumanidagi 31-son madaniyat markazida qurilish va ta’mirlash ishlari davom etmoqda.
Madaniyat tizimidagi asosiy muammolardan biri – bu kadrlar masalasi. Chunki sohada xodimlar etishmaydi, buning ustiga, kadrlarning qariyb 50 foizi o‘rta maxsus ma’lumotli. Xodimlarning aksariyati maoshi kamligi va norasmiy tadbirlarga chaqirilib, haq to‘lanmayotganidan noliydi. Boshqarma boshlig‘i Orif Hayitovning ta’kidlashicha, mazkur muammolarni hal etish maqsadida kelgusida viloyatda “Samarqand festivallar direksiyasi”ni tashkil etish rejalashtirilgan. Bunda o‘tkaziladigan barcha madaniy-ma’rifiy tadbirlar uchun haq to‘lanadi.
Shuningdek, viloyatda madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirish maqsadida “Avtoklub” xizmatini yo‘lga qo‘yish, madaniyat tizimi tashkilotlarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash, avariya va ta’mirga muhtoj madaniyat markazlarini davlat-xususiy sheriklik asosida qurish va ta’mirlash ko‘zda tutilgan.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.