Rossiyada o‘zbekistonliklarning eski haydovchilik guvohnomalarini yangisiga almashtirish boshlandi
25 yanvardan Rossiyada O‘zbekiston fuqarolarining eski haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirish boshlandi.
Guvohnomani O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi konsullik bo‘limi, shuningdek, mamlakatning Vladivostok, Yekaterinburg, Qozon, Novosibirsk, Rostov-na-Don va Sankt-Peterburgdagi bosh konsulliklarida almashtirish mumkin.
Qayd etilishicha, xohlovchilar xorijga chiqish uchun biometrik pasportning asl nusxasi yoki fuqaroning biometrik pasporti (ID karta), milliy haydovchilik guvohnomasining asl nusxasi va milliy haydovchilik guvohnomasi uchun kuponning asl nusxasi bilan elchixonaning konsullik bo‘limiga, shuningdek, yuqorida ko‘rsatilgan shaharlardagi bosh konsulliklarga murojaat qilishlari mumkin.
Qo‘shimcha ma’lumot olish uchun elchixona konsullik bo‘limining aloqalar markaziga quyidagi raqamlar orqali murojaat qilish mumkin: +7-499 230-00-76, +7-499 238-36-20, shuningdek, savollarni telegramm kanalga yuborish mumkin: @UzKoRusFAQ.
Eslatib o‘tamiz, eski haydovchilik guvohnomalari quyidagi muddatlarda yangisiga majburiy almashtiriladi:
- 2010 yilgacha berilganlari – 2022 yil 31 martgacha;
- 2010 – 2012 yillarda berilganlari – 2022 yil 30 iyungacha;
- 2013 – 2015 yillarda berilganlari – 2022 yil sentyabrgacha;
- 2015 yildan keyin berilganlari – 2022 yil 31 dekabrgacha.
Yuqoridagi muddatlargacha almashtirilmagan guvohnomalar haqiqiy emas deb hisoblanadi.