Rossiyaga kimlar, qanday kirishi mumkin?
Rossiya Federatsiyasi Hukumatining 2020 yil 16 martdagi 635-r-sonli qaroriga ko‘ra, joriy yilning 18 martidan Rossiya Federatsiyasiga quyidagi xorijiy fuqarolar kirishiga ruxsat berilgan:
- Rossiya Federatsiyasi hududidagi akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalarning xodimlari, halqaro tashkilotlar va ularning vakolatxonalari, shuningdek, ushbu shaxslarning oila a’zolariga;
- halqaro avtomobil yo‘nalishidagi haydovchilar, havo, dengiz va daryo kemalarning ekipajlari, xalqaro yo‘nalishdagi temiryo‘l poyezdi va lokomotiv brigadalariga;
- rasmiy delegatsiya a’zolariga;
- yaqin qarindoshining vafoti sababli viza olgan shaxslarga;
- Rossiya Federatsiyasida doimiy yashovchi shaxslarga;
- havo yo‘llari orqali tranzit yo‘nalishida harakatlanuvchilarga.
Xorijiy fuqarolar Rossiya Federatsiyasi hududigi kirish uchun yuqoridagi toifalardan biriga mansubligi hamda COVID-19 bo‘yicha test topshirgani va 72 soat davomida amal qiluvchi manfiy natijasi haqida ma’lumotnomaga, shuningdek, Rospotrebnadzor sayti (www.rospotrebnadzor.ru)da e’lon qilingan anketaning to‘ldirilgan shakliga ega bo‘lishi lozim.
Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi elchixonasi bergan ma’lumotga ko‘ra, elchixonadan ruxsatnoma olishi shart emas.
Rossiya chegarasidan o‘tishda o‘qish yoki ishlash maqsadi, shuningdek, vaqtinchalik (RVP) va uzoq muddat (VNJ) yashash huquqiga egaligi asos xisoblanmaydi, ya’ni oddiy qilib aytganda, ushbu toifadagi shaxslar Rossiyaga vaqtincha bora olishmaydi.
Shu munosabat bilan, fuqarolardan Rossiyaga borishda noma’lum shaxslarning har xil asoslanmagan takliflariga ishonmasliklari so‘raladi.
A.HAFIZOV,
tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Samarqand viloyati mintaqaviy filiali boshlig‘i.